“Oltin soat" tamoyili asosida shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatish tizimi yo‘lga qo‘yiladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida” qaroriga muvofiq, endi respublika aholisiga o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni davolashda tibbiy xizmatlar xalqaro standartlarga muvofiq vaqt me’yorlariga qat’iy rioya etgan holda ko‘rsatiladi.
Buning uchun o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarga chalingan bemorlarga “oltin soat" tamoyili asosida shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatish tashkil qilinadi.
Tez tibbiy yordam xizmati tomonidan ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar algoritmi va bemorning ixtisoslashgan tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi muassasagacha bo‘lgan klinik marshruti vaqt me’yorlari asosida belgilanadi.
Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari hamda statsionar tibbiyot muassasalari tomonidan aholini maqsadli tibbiy tekshiruvlardan o‘tkazish va bemorlarning klinik marshrutlarini tashkil qilishda vaqt me’yorlari inobatga olinadi.
Aholi o‘rtasida o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklar xavf omillari, ularni bartaraf etish bo‘yicha profilaktik tadbirlar hamda sog‘lom turmush tarziga rioya qilish yuzasidan quyidagi targ‘ibot ishlari tizimli yo‘lga qo‘yiladi:
a) ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda:
"Hoziroq harakatlan - hayotni caqla6 qol!" mavzusida ijtimoiy roliklar namoyish qilish;
infografika, animatsiya va hayoti saqlab qolingan bemorlar haqidagi qisqa metrajli videoroliklarni joylashtirish;
b) bozor va savdo markazlari yaqinida bilbord va bannerlar o‘rnatish;
v) ta’lim tashkilotlari, yirik korxona va tashkilotlar hamda mahallalarda:
infarkt va insult alomatlarini aniqlash bo‘yicha treninglar tashkil etish;
ma’ruzalar va seminarlar o‘tkazish;
"Angels Initiative" xalqaro tashabbus tashkilotining "FAST Heroes" dasturi asosida umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida o‘quvchilar uchun mashg‘ulotlar tashkil etilib, ularga insultning dastlabki belgilari va tez tibbiy yordamga murojaat qilish zaruriyatini yetkazish;
oilaviy shifokorlar va hamshiralar ishtirokida ommaviy chiqishlar tashkil qilish;
g) "Daqiqalar hayotni hal qiladi" mavzusida hududlarda tematik haftaliklar tashkil etish;
d) yoshlar va talabalar o‘rtasida "Infarktga qizil kartochka" tashabbusini yo‘lga qo‘yish;
j) har yili 29 sentyabr – Butunjahon yurak kuni hamda 29 oktyabr – Butunjahon insultga qarshi kurashish kuni munosabati bilan qon bosimi, qand va xolesterin miqdorini o‘lchash, infarkt va insultda tez yordam ko‘rsatish bo‘yicha aholining savodxonligini oshirishga qaratilgan ommaviy tadbirlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.
O‘zA