"Oltin fond"ni yaratish o‘z qo‘limizda
Sportchilar aslida o‘ta kamgap, o‘nta gapirsangiz ham zo‘rg‘a javob oladigan, bor iqtidori va salohiyatini amalda ko‘rsatishga intiladigan kamsuqum, mahmadonalikdan yiroq bo‘lgan odamlar. Turli nufuzli sport musobaqalari, Olimpiadalar, chempionat va bellashuvlarda bunga qayta-qayta guvoh bo‘lganmiz.
Mustaqillik yillarida sport bilan rostmana shug‘ullanuvchilar ham, unga havaskorlar ham ko‘paydi. O‘zbekistonimiz nomidan yirik sport musobaqalarida qatnashib, Vatanimiz sharafini munosib tarzda osmonlar qadar yuksaklarga ko‘tarayotgan hamyurtlarimizning millionlab muxlislari paydo bo‘ldi.
Jahon miqyosida kechadigan Olimpiada o‘yinlari, uning natijalarini sportga qiziqqan ham, qiziqmagan odam ham, keksayu yosh birdek kuzatdi, hayajonlandi, quvondi. Muxlislarga bir dunyo xursandchilik, jonajon O‘zbekistonimizga esa shon-sharaf, nufuz, obro‘ keltirayotgan sportchilarimizning yaqindagina Tokioda o‘tkazilgan XXXII yozgi Olimpiada musobaqalaridagi shonli g‘alabasi bunga yaqqol dalil. Olimpiadada jahon Oksana Chusovitinaning mardligi, tanlagan yo‘liga sadoqatiga, o‘zbekistonlik sportchi qizlar hech kimdan kam emasligiga, ularning safi tobora kengayib borayotganiga, yigitlarimizning esa qat’iyatiga yana bir bor guvoh bo‘ldi. Bularning bari bashariyat hali hamon jilovlab olishga qiynalayotgan o‘ta murakkab pandemiya sharoitida kechganini hisobga oladigan bo‘lsak, sportchilarimizga har qachongidan qiyin bo‘lganini anglash mumkin.
Sport musobaqalari natijalarini hamyurtlarimiz qanchalik qiziqish va hayajon bilan kuzatib borgan bo‘lsalar, davlatimiz rahbarining Olimpiada g‘olib va sovrindorlari bilan uchrashuvi, ularning ota-onalari, murabbiylariga, o‘zlariga hurmat va ehtiromi, ko‘rsatgan himmati va rag‘bati butun xalqimizni mamnun etdi. Sport ustalari va ustozlari, murabbiylar o‘zlari uchun kelgusidagi vazifalarni belgilab oldilar. G‘olib yigit-qizlarimizning o‘z-o‘ziga ishonchi, maqsad va marralarni yanada baland qo‘yish muddaosi tobora ortdi, ularga ilhom, ruhiy madad berdi. Nainki g‘oliblarning, balki mamlakatimizdagi barcha ota-onalar farzandining sport bilan chinakamiga do‘stlashib, maqsad sari dadil intilishi faqat va faqat yaxshilikka, duoga yetaklashini yana bir bor teran angladi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Tokioda bo‘lib o‘tgan XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan O‘zbekiston sport delegatsiyasi vakillari bilan uchrashuvdagi nutqi har birimizning yuragimizga cho‘g‘ tashladi. G‘oliblarning Vatanimizning yuksak unvonlari, orden va medallari bilan taqdirlanishi quvonchimizga quvonch qo‘shdi.
Qutlug‘ ayyom - jonajon O‘zbekistonimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida balandparvozliklar, "urra-urra"chiliklardan holi tarzda sportdagi, Olimpiya zahiralarini tayyorlashdagi kemtikliklar, bo‘shliq va kamchiliklar vazmin va ayni paytda xolis tahlil etildi. Tegishli vazifalar, mas’uliyati zalvorli topshiriqlar berildi.
Sport – hayotning ajralmas qismi. Unda borliq haqiqati mujassam. Bu uchrashuvdan o‘z-o‘ziga mahliyo bo‘lish emas, muttasil izlanish, o‘z ustida tinimsiz ishlash, ezgu maqsad sari intilishgina sportda ham, hayotda ham kutilgan natijalarni berishini yana bir karra angladik. Ha, uchrashuvda yangragan e’tirof ayni haqiqat – sportchilar mamlakatning, millatning "oltin fondi". Uni yaratish esa o‘z qo‘limizda!
Nazokat Usmonova, O‘zA