Olti nafar mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari oilaviy bolalar uyiga berildi
Buxoro viloyati markazining «Sheyxon» mahallasida yana bir oilaviy bolalar uyi faoliyat boshladi.
– O‘zim Jondor tumani «Dalmun» mahallasidan Buxoro shahriga kelin bo‘lib tushganman, – deydi endilikda oilaviy bolalar uyi sohibasiga aylangan Zarnigor Sadirova. – Turmush o‘rtog‘im Hakim Jo‘rayev tibbiyot xodimi, o‘zim esa Buxoro pedagogika kollejini tamomlab, besh yildan buyon 32-sonli «Mehribonlik uyi»da tarbiyachi bo‘lib ishlardim. Turmushimizdan uch farzandimiz Xadichabonu, Sumaya va Sohibjahonni oq yuvib, oq tarab voyaga yetkazyapmiz. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishidan so‘ng bizda ham ota-ona mehridan mosuvo bo‘lgan norasidalarni asrab olish maqsadi tug‘ildi va turmush o‘rtog‘im bilan viloyat Vasiylik Kengashiga murojaat bilan bordik. Oilaviy ahvolimiz, shart-sharoitimiz batafsil o‘rganilgach, bugunga kelib bizga olti nafar bolaning taqdiri ishonib topshirilganidan boshimiz osmonga yetdi.

Jo‘rayevlar oilasi asrab olgan olti nafar bolaning to‘ng‘ichi 7 yoshda. Shahzoda Boboyeva hamda uning singlisi Oysha, Xonali va Otabek Ramazonovlar, yana Islom Karimov, Muhammadali Zaribaliyevlar ham deyarli tengdosh. Viloyat Bolalar uyidan ko‘chirilgan bu o‘g‘il-qizlar Zarnigor Sadirova hamda Hakim Jo‘rayevlar tomonidan 3 yil burun «Sheyxon» MFY dagi 81-uy manzilida qurib bitkazilgan 6 sotixli hovlidan o‘rin egallashdi. Risoladagidek uyda 6 ta xona shay qilingan bo‘lib, bolajonlar uchun barcha qulaylik hozirlangan.
Zarif Komilov,
O‘zA