Olotning kitobxon direktorlari
Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Buxoro viloyat Olot tuman bo‘linmasi tashabbusi bilan umumta’lim maktablari direktorlari o‘rtasida “Kitobxon direktor” tanlovi o‘tkazildi.
Tanlov adolat va shaffoflik tamoyillari asosida tashkil etildi. Ishtirokchilar o‘zbek adabiyotining yirik namoyondasi Pirimqul Qodirov qalamiga mansub “Yulduzli tunlar” romani asosida tayyorlangan savollar bo‘yicha bahslashdi. Asar mazmun-mohiyati, undagi tarixiy voqealar talqini, qahramonlar xarakteri, shuningdek, yozuvchining badiiy tasvir vositalaridan foydalanish mahoratiga oid savollar ishtirokchilarning bilim saviyasi va tahliliy tafakkurini sinovdan o‘tkazdi.

Qiziqarli va murosasiz kechgan bahs-munozaralar tanlovga alohida ruh bag‘ishladi. Har bir direktor asar yuzasidan chuqur tayyorgarlik ko‘rganini namoyon etdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, 14-IDUMI direktori Hasan Karimov 1-o‘rinni egalladi. 27-umumta’lim maktabi direktori Shuhrat Sulaymonov 2-o‘rinni, 15-umumta’lim maktabi direktori Yahyo Tolibov 3-o‘rinni, 22-umumta’lim maktabi direktori Qodir Xo‘jayev esa 4-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Tadbir so‘nggida g‘olib va faol ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan diplom hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri