Olotliklarning bandligi ta’minlamoqda
Buxoro viloyatining olis tumani Olotda o‘tgan yili amalga oshirilgan investitsiya loyihalari tufayli 2 mingdan ortiq fuqaroning bandligi ta’minlangan bo‘lsa, qishloq xotin-qizlari ularning katta qismni tashkil etadi.
Iqtisodiy ahvoli, xonadonlar moddiy manfaatdorligiga binoan ajratilgan toifaga nazar solsak, o‘tgan yil boshidan hududdagi 38 ta mahallaning 20 tasi “sariq”, 18 tasi “yashil” ko‘rsatkichga ajratilgan va odamlar ijtimoiy muhofazasiga doir tizimli chora-tadbirlar olib borilmoqda. Zero, uyma-uy yurib o‘rganishlar va xatlovlar natijasida hududdagi Usmonshayx, G‘anchi Chandir, O‘zbekiston, Kattabayot, Opshoq, Shayxlar, Davlatboy kabi o‘nga yaqin qishloqda ishsizlik darajasini kamaytirish choralari ko‘rilmoqda. Shu bois, joylarda tashabbuskor tadbirkorlar istiqbolli loyihalarini amalga oshirishga e’tibor kuchaytirilgan.

Bugun chekka tumanda yana bir tadbirkorlik subyekti – “Nuraziz textile” MCHJ o‘z faoliyatini yo‘lga qo‘ygani qo‘lida tikuvchilik hunari bo‘laturib, uyda ishsiz va daromadsiz qolgan mahalliy xotin-qizlar uchun ayni muddao bo‘ldi.
–Seximizda 17 nafar ishchi-mutaxassis faoliyat olib borayotgan bo‘lib, ularning 3 nafari kasb-hunar maktabi o‘quvchisi, –deydi Yosh botir mahallasidagi kasb-hunar maktabida joylashgan tikuvchilik sexi rahbari Shoyiddin Avezov. –Ular darsdan so‘ng shu yerda ishlashadi. Hozir yigirmaga yaqin tikuv dastgohi bilan jihozlangan bu kichik korxonada erkaklar va ayollar uchun mo‘ljallangan sport kiyimlari tayyorlanmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri