Olmazordagi maktab-internatiga interaktiv doska taqdim etildi
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 1992 yil 14-oktyabrdagi qarori bilan 3 dekabr sanasi Xalqaro nogironlar kuni deb e’lon qilingan edi. 30 yildirki, ushbu sana butun dunyoda imkoniyati cheklangan insonlar kuni sifatida e’tirof etiladi. bugungi kunda yer yuzida 1 milliardga yaqin odamlar aqliy yoki jismoniy nuqsondan aziyat chekishmoqda.

Mamlakatimizda ham imkoniyati cheklangan insonlar yo‘q emas. Mustaqillik yillarida yurtimizda yashayotgan nogironligi bor shaxslarning solg‘om odamlar orasida hamnafas yashashi, o‘qib bilim olishi va ishlashlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Yurtimizning barcha hududlarida nogironligi mavjud bo‘lgan bolalar uchun maxsus maktab internatlari faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ham so‘zimizning isboti desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Ana shunday ta’lim dargohlaridan biri poytaxtimizning Olmazor tumanida joylashgan 100-maktab internatidir. Mazkur maskanda 329 nafar tarbiyalanuvchilar 1-sinfdan 11-sinfgacha bilim olishmoqda.


Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan bolajonlarga quvonch ulashish, ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlash maqsadida Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi xodimlari maktabga tashrif buyurishdi. Tarbiyalanuvchilar uchun bayram dasturxoni yozildi. Shundan so‘ng bolajonlar esrtada xonandalarining qo‘shiqlarini tinglab, madaniy hordiq oldilar, raqs guruhlari bilan birgalikda raqsga tushishdi. Ayniqsa, ertak va multfilm qahramonlarining tashrifi tarbiyalanuvchilarga unutilmas xotiralar ulashdi. Shuningdek, yosh harbiylarning ko‘rgazmali chiqishlari yig‘ilganlarda faxr va ona vatanga bo‘lgan muhabbat tuyg‘ularini yanada oshirishga xizmat qildi desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.

Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi tadbir yakunida barcha tarbiyalanuvchilarga alohida sovg‘alar ulashish bilan birga muassasadagi ta’lim sifatini yanada oshirish, darslarni zamon talablariga mos tarzda tashkil etish uchun maktab-internatiga interaktiv doska ham taqdim etdi.
M.Komilova, O‘zA