Poytaxtimizning Olmazor tumanidagi Shon-shuhrat mahallasida yangi va zamonaviy kogeneratsiya qurilmasi foydalanishga topshirildi. “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ va Turkiyaning “Iltekno” kompaniyasi hamkorligida barpo etilgan ushbu investitsiya loyihasi energiya tejamkor texnologiyalardan foydalangan holda amalga oshirildi.
Qurilmaning elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvati 1,2 MVtni, issiqlik energiyasi esa 6,4 Gkalni tashkil qiladi. Umumiy loyiha qiymati 3,6 million AQSH dollariga teng bo‘lib, 0,16 gektar maydonda barpo etilgan.
Mazkur inshootning foydali ish koeffitsiyenti 80 foizdan yuqori bo‘lib, yuqori samaradorlikka ega. Yangi qurilmaning ishga tushirilishi bilan yiliga 8 million kilovatt soat elektr energiyasi va 52 ming Gkal issiqlik energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati yaratildi. Energiya tejamkor texnologiyalar tufayli har yili 0,7 million metr kub tabiiy gaz tejaladi va atmosferaga chiqariladigan zararli moddalar hajmi 67 foizga kamayadi.
Qurilmada Germaniyadan keltirilgan gaz-porshen hamda ikkita “Bosch” qozonlari o‘rnatilgan. Energiya resurslarini tarqatishda yopiq tizim qo‘llanilgani tufayli issiqlik energiyasi yo‘qotishlarsiz aholiga yetkazib beriladi.
Bu kogeneratsiya qurilmasi tufayli 18 ta ko‘p qavatli uy, 1 ta maktab, 1 ta ijtimoiy soha ob’ekti va mingdan ortiq xonadonlar barqaror issiqlik bilan ta’minlanadi.
Shuningdek, loyiha doirasida 10 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Ushbu uskuna zamonaviy va ekologik jihatdan barqaror rivojlanishga qaratilgan bo‘lib, poytaxtimiz energetika sohasida muhim qadam hisoblanadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA