Olmaliqda 6 mingdan ortiq xonadon zamonaviy oqova suv tizimi bilan ta’minlandi (+video)
Qaror va ijro
Olmaliq shahrida oqova suv infratuzilmasini modernizatsiya qilishga qaratilgan yirik loyihaning navbatdagi bosqichi muvaffaqiyatli yakunlandi. Mazkur loyiha mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimlarini rivojlantirishga qaratilgan keng ko‘lamli davlat dasturi doirasida amalga oshirildi.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 2-avgustdagi qaroriga muvofiq, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida Toshkent viloyati shahar va tumanlarida ichimlik va oqova suv tizimlarini qurish va rekonstruksiya qilish ishlari izchil olib borilmoqda. Ushbu dastur 2022–2027-yillarni qamrab olib, uning umumiy qiymati 185,8 million AQSH dollarini tashkil etadi. Shundan 161 million dollari Osiyo taraqqiyot banki tomonidan moliyalashtirilmoqda.

Loyiha doirasida Angren, Bekobod, Olmaliq, Ohangaron, Chirchiq va Yangiyo‘l shaharlari hamda Chinoz tumanida muhandislik infratuzilmasi bosqichma-bosqich modernizatsiya qilinmoqda.
Olmaliq shahrida amalga oshirilgan ishlar “TS-CW-05” kontrakti doirasida olib borildi. Ushbu kontrakt shaharlarda kanalizatsiya tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilishni nazarda tutadi.

Qurilish ishlarida “Probuild Generation” kompaniyasi pudratchi sifatida ishtirok etdi. Kompaniya muhandislik infratuzilmasini qurish va modernizatsiya qilishga ixtisoslashgan bo‘lib, ushbu loyiha doirasida katta hajmdagi ishlarni amalga oshirdi. Jumladan, Olmaliq shahrida 25 kilometrdan ortiq yangi oqova suv tarmoqlari barpo etildi. Natijada 6 mingdan ziyod xonadon zamonaviy oqova suv tizimiga ulandi.
Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda shahar hokimligi, sohaviy tashkilotlar vakillari, quruvchilar hamda mahalla faollari ishtirok etdi.

Tadbir davomida qurilish ishlarida faol ishtirok etgan mutaxassislar mehnati e’tirof etilib, ularga faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi. Qayd etilishicha, qurilish ishlari murakkab sharoitlarda amalga oshirildi. Ishlar zich qurilish hududlarida, temir yo‘llar va avtomobil yo‘llari yaqinida olib borildi.
Shu bilan birga, mavjud yer osti kommunikatsiyalari joylashgan hududlarda ishlash mutaxassislardan yuqori aniqlik va ehtiyotkorlikni talab qildi. Qurilish jarayonida geologik sharoitlar ham muayyan qiyinchiliklarni yuzaga keltirdi. Xususan, ishlar qum va shag‘al aralash tuproqlarda, yer osti suvlari yuqori bo‘lgan hududlarda olib borildi.

– Barcha ishlar belgilangan muddatlarda va xalqaro standartlar talablariga muvofiq yakunlandi, – dedi “Probuild Generation” bosh direktori Sarvar Mutalov. – Zamonaviy shahar infratuzilmasi aholi hayot sifatini belgilaydigan muhim omildir. Ushbu loyiha natijasida shaharda oqova suv tizimining ishonchliligi oshadi, sanitariya va ekologik holat yaxshilanadi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, bunday loyihalarni amalga oshirish shaharlarning barqaror rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.



<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/6v34PZ0P8HA" title="Olmaliqda 6 mingdan ortiq xonadon zamonaviy oqova suv tizimi bilan ta’minlandi " frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A. Musayev (surat, video), O‘zA.