Olmaliq kon-metallurgiya kombinati 70 yoshda
Bugun - 24 oktabr kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyati tashkil etilganiga 70 yil bo‘ldi.
Bugun - 24 oktabr kuni Olmaliq kon-metallurgiya kombinati aksiyadorlik jamiyati tashkil etilganiga 70 yil bo‘ldi.
Shu munosabat bilan bugun erta tongdan Toshkent viloyati Olmaliq shahri ko‘chalarida, kombinat mehnat jamoalarida bayram sayllari, ma’naviy-ma’rifiy, ko‘ngilochar tadbirlar boshlanib ketdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, shonli sana munosabati bilan subhda boshlangan bayram tadbirlari kechki paytga qadar davom etishi, tantanali tadbirlarda hukumatimiz, turli vazirlik va idoralar rahbarlari ishtirok etishi kutilmoqda.
Jumladan, bayram tadbiri mehmonlari kombinat tarix muzeyiga tashrif buyurib, muzey faoliyati bilan tanishadi.
“Metallurg” madaniyat saroyida qutlug‘ ayyom munosabati bilan tantanali yig‘ilish o‘tkaziladi. Mazkur yig‘ilishida kombinatning bir guruh faol ishchi-xodimlariga hukumat mukofotlari ham topshirilishi rejalashtirilgan.
“Oltin olma” xiyoboni hamda “Delfin” akva parki atrofida kombinat tomonidan tayyorlangan ishlab chiqarish jarayonini aks ettiruvchi eksponatlar, modellar va maketlar ko‘rgazmasi tashkil etiladi.
Kombinatning 70 yilligi uchun tayyorlangan maxsus doshqozonda O‘zbekiston oshpazlar uyushmasining mohir oshpazlari tomonidan 5 tonnalik osh damlanadi. Milliy taom kombinat mehnat ahliga, Olmaliq shahri aholisiga, tadbir mehmonlariga hamda Bolalar uylariga tarqatiladi.
Kechki payt esa kombinat sport majmuasida o‘zbek estradasi yulduzlari ishtirokida katta bayram konserti o‘tkaziladi. Bayram tadbirida shuningdek, mushakbozlik bo‘lishi kutilmoqda.