Oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimi takomillashtiriladi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Yangi avlod ilmiy kadrlarini tayyorlash va ularni attestatsiya qilish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.
Farmondan ko‘zlangan asosiy maqsad – oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini takomillashtirish, doktorantlar tayyorlash jarayonlarini xalqaro standartlarga moslashtirish, dissertatsiya tadqiqotlarining sifati, ilmiy va amaliy ahamiyatini oshirish hisoblanadi.
Unga muvofiq, "O‘zbekiston - 2030" strategiyasida nazarda tutilgan mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlaridan kelib chiqib, ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlari tasdiqlandi.
2026-yil 1-sentabrdan boshlab Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan tayanch doktorantura va doktoranturada kadrlar tayyorlashda:
doktoranturaga umumiy qabul kvotasining kamida 60 foizi ilmiy kadrlar tayyorlashning ustuvor yo‘nalishlariga oid ixtisosliklarga ajratiladi;
differensial stipendiya tizimi joriy etilib, ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga bazaviy stipendiyaning 1,7 baravari miqdorida oshirilgan stipendiya to‘lanadi;
ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul qilingan doktorantlarga tadqiqot ishida zarur bo‘ladigan asbob-uskuna va boshqa tovarlarning xaridi uchun har oy bazaviy stipendiyaning 30 foizi miqdorida qo‘shimcha mablag‘ doktorant tahsil olayotgan oliy ta’lim yoki ilmiy tashkilotga yo‘naltiriladi;
tayanch doktorantura bosqichining birinchi o‘quv yilida sohaviy maxsus fanlar, ilmiy tadqiqot metodologiyasi va akademik yozish, statistika va ma’lumotlar tahlili kabi fanlar bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etiladi.
Ustuvor ilmiy ixtisosliklarga qabul kirish imtihoni o‘rniga ilmiy tadqiqot ishi taqdimoti asosida amalga oshiriladi.
Bunda taqdimotga qo‘yiladigan talablar oliy ta’lim va ilmiy tashkilot tomonidan mustaqil belgilanadi.
Ilmiy rahbarga doktorantning ixtisosligiga mos fan tarmog‘ida ilmiy tadqiqot tajribasiga ega bo‘lish talabi joriy etiladi.
Oliy ta’limdan keyingi ta’limga qabul qilishda tegishli fan yo‘nalishlarida milliy sertifikatga ega bo‘lgan talabgorni mutaxassislik fani bo‘yicha imtihondan ozod etib, unga maksimal ball berish tartibi bekor qilinadi.
2027-yil uchun qabuldan boshlab ilmiy rahbarlik (maslahatchilik) uchun oylik to‘lov o‘rniga tayanch doktoranturaga qabul qilingan stajyor-tadqiqotchi va o‘z vaqtida himoya qilgan doktorant uchun bir martalik rag‘batlantiruvchi to‘lov tulanadi. Bunda:
Xirsh indeksi bo‘yicha ko‘rsatkichi 5 dan kam bo‘lgan ilmiy rahbarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 40 baravarigacha miqdorida;
Xirsh indeksi bo‘yicha ko‘rsatkichi 5 dan yuqori bo‘lgan ilmiy rahbarga mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 80 baravarigacha miqdorida to‘lanadi.
O‘zA