Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarning tub mohiyati jamiyatda har bir inson salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham 2030 yilgacha erishiladigan maqsadlarning mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish, yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini oliy ma’lumotli pedagog kadrlar bilan to‘liq ta’minlash maqsad qilingan.

Shuningdek, 30 ta oliy ta’lim muassasasining ta’lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish, “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida “ikki diplomli tizim”ni joriy etish, 10 ta oliy ta’lim muassasasini dunyoning eng nufuzli “Top-1000” oliy ta’lim tashkilotlari reytingiga kiritishga erishish kabi vazifalar belgilangan.  

Bundan tashqari, oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligini oshirish, ilmiy salohiyatni 70 foizga yetkazish rejalashtirilgan. 5 ta oliy ta’lim muassasasi milliy tadqiqot oliygohlariga aylantiriladi va qo‘shimcha 120 ming o‘rinli o‘quv binolari hamda 150 ming o‘rinli talabalar turar joyi barpo etiladi. Kutubxonalar esa kamida 1 millionta zamonaviy adabiyotlar bilan to‘ldirilib, kutubxonalar fondi to‘liq raqamlashtiriladi.  

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetida ham bu borada keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Universitetda o‘tgan o‘quv yilida talabalar soni 8 ming nafardan ziyodroqni tashkil etgan bo‘lsa, joriy o‘quv yilida kvotalar sezilarli darajada oshdi. O‘tgan o‘quv yilida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklarini tamomlagan bitiruvchilarning 95 foizdan ko‘prog‘i ish bilan ta’minlandi. Hozirgi kunda talabalarga mahalliy professor-o‘qituvchilar bilan bir qatorda, xorijlik mutaxassislar ham ta’lim bermoqda.  

Ayni paytda universitetning ilmiy salohiyati 55,4 foizni tashkil etmoqda. Oxirgi uch yilda qariyb barcha professor-o‘qituvchilar respublika va xorijda malaka oshirdi. Jumladan, o‘tgan yili universitetning yigirmadan ortiq professor-o‘qituvchilari xorijning nufuzli universitetlarida, ya’ni Moskva davlat texnologiya universiteti, Belorus davlat texnologiya universiteti, Qozon (Volgabo‘yi) Federal universiteti, Rossiya Federatsiyasi Ilmiy-tadqiqot texnologiyalari universiteti “MISiS”, Peterburg energetika universiteti, Yaponiyaning Akita universiteti hamda Ispaniyaning Madrid politexnika universitetida stajirovka va malaka oshirib keldi.  

Universitet reja-grafigi asosida malaka oshirib kelgan professor-o‘qituvchilarning safar samaradorligi kafedra, fakultet kengashlari yig‘ilishlarida tinglanib, baholanib borilishi, malaka oshirgan professor-o‘qituvchilar ishtirokida magistr va iqtidorli talabalar uchun ilmiy-amaliy seminarlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilgan.  

Bundan tashqari, malaka oshirishda olingan bilim va tajribalar seminar-treninglar, ochiq ma’ruzalar shaklida ommalashtirilmoqda. Ular tomonidan olib kelingan o‘quv va ilmiy adabiyotlar, virtual o‘quv vositalari universitet kutubxonasiga topshirilib, foydalanilmoqda. Yuqori malakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, talabalar tomonidan fanlarni muntazam, tizimli tarzda o‘zlashtirishlarini, ularda mustaqil ishlash va fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida darslik hamda o‘quv qo‘llanmalar yaratish, universitetni o‘quv adabiyotlari bilan ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘tgan yilning o‘zida professor-o‘qituvchilar tomonidan yuzga yaqin o‘quv adabiyotlari yaratildi. Shuningdek, xorijiy o‘quv adabiyotlari tarjima qilinib, bu borada ham izlanishlar davom etmoqda.  

Talabalarning auditoriyada olgan nazariy bilim va ko‘nikmalarni ishlab chiqarish korxonalarida amaliy mustahkamlash maqsadida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJga qarashli hamda viloyat hududidagi boshqa yirik ishlab chiqarish korxonalarida universitet kafedra filiallari tashkil etilgan. Bu yerda universitet yoshlari laboratoriya ishlarini bajarish va ishlab-chiqarish korxonalarining kutubxonalaridagi texnik adabiyotlardan foydalanish imkoniyatiga ham ega bo‘layotir. Shu o‘rinda qayd etish lozim, jahon tajribasidan kelib chiqib, amaliyotda qo‘llanilayotgan kredit-modul tizimi talabaning akademik mustaqilligini ta’minlamoqda. Shuningdek, bu afzallik talabaning akademik mobilligi asosida boshqa oliy ta’lim muassasasida ma’lum bir muddat tahsil olish imkonini yaratmoqda.  

Akademik mobillik orqali oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida o‘quv-uslubiy hamda ilmiy faoliyatini rivojlantirishda tajriba almashishlariga zamin yaratadi. Shu asosda bugungi kunda universitetimizda mustaqil ta’lim soatlari ulushini oshirish, talabalarda mustaqil ta’lim olish, tanqidiy va ijodiy fikrlash, tizimli tahlil qilishni ta’minlash muhim mezon etib belgilangan. Bu aynan, Yangi O‘zbekistonda oliy ta’limdagi strategik maqsadlarning tizimli ijrosi orqali inson, xususan, yosh avlod salohiyatini to‘la ro‘yobga chiqarish yo‘lida amalga oshirilayotgan dolzarb vazifalarning amaliy natijalaridir, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.  

Nabijon Abduazizov,

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universitetining

o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori, texnika fanlari doktori

O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oliy ta’limdagi strategik maqsadlarning tizimli ijrosi