So‘nggi sakkiz yilda oliygohlar soni 77 tadan 202 taga, jami talabalar soni 250 mingdan 1,5 millionga yetdi.
Oliy ta’limda “o‘qishga kiritib qo‘yish” degan o‘ta salbiy illatga to‘liq barham berildi. Yoshlarga oliygohlarga kirishda tanlov imkoniyati oshirildi.
Professor-o‘qituvchilarning oyligi salmoqli darajada oshib, oliygoh muallimi bo‘lish ko‘pchilikning orzusiga aylandi.
Keyingi paytlarda aniq va tabiiy fanlarga ko‘proq e’tibor qaratilmoqda. Yaqinda “ToshTech”, Bauman universiteti filiali, Olmaliq davlat texnika institutini ochish bo‘yicha qarorlar imzolandi. Xorazmda Al-Xorazmiy universitetiga tamal toshi qo‘yildi. Qolgan hududlarda ham uning filiallari bo‘ladi.
Mamlakatimizda yerosti boyliklarining ulkan zaxirasi mavjud. Ilgari neft-gaz sohasidagi qidiruv ishlari faqat 2,5-3 ming metr chuqurlikda olib borilardi. Bu yil sanoatimiz tarixida birinchi marta Ustyurtda 6,5 ming metr yer qa’rini burg‘ulab, juda katta gaz zaxirasi topildi.
Yangi industrial davr – “to‘rtinchi sanoat inqilobi”ni amalga oshirish uchun dunyoda tellur, litiy, selen, grafit, molibden kabi texnologik minerallarga talab bir necha karra ko‘paymoqda. Tahlillarga ko‘ra, dunyodagi volfram, molibden, rux va titan zaxiralarining 10-15 foizi mintaqamizga to‘g‘ri keladi.
–Ushbu ulkan resurslarni yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotga aylantirish uchun bizga eng avvalo ilm, bilim va innovatsiya kerak, – dedi Prezident.
O‘zA