Huquqshunos olimlar oliy ta’lim tizimida pedagog xodimlar bilan tuziladigan mehnat shartnomasi qanday tuzilsa foydali bo‘lishini o‘rganib chiqdi.
Hozirda oliy ta’lim tashkilotlarida pedagog xodimlar bilan tuziladigan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksi va sohaga oid normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi. Mazkur hujjatlar tizimda pedagog xodimlar bilan mehnat shartnomasini bir yoki besh yil muddatga tuzishni taqozo qiladi.
bugungi kunda mamlakatimizda mavjud 131 ta oliy ta’lim muassasasida ta’lim berayotgan ilmiy darajaga ega pedagoglarning soni 10 ming nafardan ortdi.
Tahlil natijalari oliy ta’lim tashkilotlarida pedagog xodimlar bilan tuziladigan mehnat shartnomasining muddatiga oid normalarni takomillashtirishni taqozo etishini ko‘rsatdi.
Oliy ta’lim muassasalariga pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi Nizomning 3-bandida OTMning kafedra mudiri, professori, dotsenti, katta o‘qituvchisi, o‘qituvchisi (assistenti), o‘qituvchi-stajyor lavozimi besh yil muddatga tanlov bo‘yicha egallanadi, deb belgilangan.
Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 dekabrdagi 967-son qarorida 2020 yilning 1 yanvaridan o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tayotgan 10 ta OTMga professor-o‘qituvchilar bilan bir yillik muddatli mehnat shartnomasini tuzish amaliyotini joriy etish vazifasi qo‘yilgan.
Oqibatda pedagog xodimlar bilan tuziladigan mehnat shartnomasining muddati bo‘yicha qarama-qarshilik vujudga kelgan.
Mehnat shartnomasini bir yil muddatga tuzish amaliyotining kiritilishi pedagog xodimlar o‘rtasida jiddiy e’tirozlarga sabab bo‘lmoqda. Rektorlar esa ta’lim sifatini oshirishda pedagog xodimlar bilan mehnat shartnomasining muddatli tuzilishini maqsadga erishishning ta’sirchan usuli sifatida e’tirof etmoqda.
Shu o‘rinda xorijiy tajribaga e’tibor qaratsak. Rivojlangan xorijiy mamlakatlarda, xususan, AQSH, Kanada, Germaniya, Shvetsiya, Yaponiyada professor-o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasi muddatli va nomuayyan muddatga tuzilishi maxsus qonunlar bilan tartibga solingan.
Misol uchun, Shvetsiya (Stokgolm universiteti)da “Bandlikni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, ta’lim beruvchilar bilan mehnat shartnomasi muddatli tuzilishi mumkin. Biroq bundan doktor ilmiy darajasi yoki professor unvoniga ega pedagog xodimlar mustasno.
Shved modeliga ko‘ra, katta o‘qituvchilar va dotsentlar bilan mehnat shartnomasi to‘rt yilga, kichik o‘qituvchilar tarkibi bilan esa ikki yil muddatga tuziladi.
Nemis universitetlarida ishlovchi professor-o‘qituvchilarning 93 foizi muddatli mehnat shartnomasi asosida ishlaydi. Bu yerda ham asosan professorlar bilan mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga tuziladi. O‘rta va kichik bo‘g‘indagi pedagoglar bilan esa mehnat shartnomalari 1-6 yilgacha muddatga tuziladi.
Shuningdek, Kanada, Yaponiya universitetlarida mehnat shartnomalari bir yil muddatga, malakali pedagog xodimlar bilan esa nomuayyan muddatga tuziladi.
Pedagog xodimlar tomonidan o‘z mehnat vazifalarini vijdonan bajargan taqdirda nomuayyan muddatga mehnat shartnomasini tuzish huquqini qo‘lga kiritadi. Pedagog xodimlarning qaysi toifalari bilan mehnat shartnomalarini qanday muddatga tuzilishi va ularni ishga qabul qilish tartibi universitetlarining ichki hujjatlari bilan belgilanadi.
MDH davlatlari, jumladan Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘istonda oliy ta’lim muassasalarida professor-o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasi muddatli yoki nomuayyan muddatga tuzilishi mumkinligi haqidagi qoidalar mustahkamlangan. Xususan, Rossiya Mehnat kodeksi 332-moddasining birinchi qismiga asosan oliy ta’limda professor-o‘qituvchilar bilan mehnat shartnomasi nomuayyan muddatga, shuningdek taraflar belgilagan muddatga tuziladi.
Tahlil natijalari yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining yangi tahrirdagi loyihasini ikkinchi o‘qishga kiritishda quyidagi o‘zgartishlarni nazarda tutish taklif etiladi: oliy ta’lim tashkilotlari pedagog xodimlari bilan mehnat shartnomasini nomuayyan muddatga, shuningdek, taraflar belgilagan muddatga tuzish.
Kodeksga ushbu normaning kiritilishi ish beruvchi va pedagog xodimlar o‘rtasidagi mehnat shartnomasining muddati yuzasidan kelib chiqayotgan kelishmovchiliklarni bartaraf etishga hamda oliy ta’lim tashkilotlarini malakali kadrlar bilan ta’minlashga xizmat qiladi.
Shuhrat ISMOILOV,
TDYUU kafedra mudiri,
yuridik fanlar doktori (DSc).