Oliy ta’lim va professional ta’lim bitta harakat
Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi katta majlislar zalida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov raisligida kengaytirilgan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri boshchiligidagi vazirlik jamoasi, Davlat test markazi direktori, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi rahbari hamda barcha oliy ta’lim muassasalari rektorlari ishtirok etdi.
Tadbirda professional ta’lim sifatini keyingi bosqichga olib chiqish kechiktirib bo‘lmas asosiy vazifa ekanligi ta’kidlandi.
Kun tartibiga ko‘ra, Prezident maslahatchisi A.Abduvohidov Prezident qarori bilan Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining professional ta’limni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlangan Sadoqat Siddiqovani yig‘ilganlarga tanishtirdi.
Shuningdek, yig‘ilishda maktablarda Kembrij tizimini joriy etish orqali ta’lim sifatiga erishib, oliy ta’limga qamrovni oshirish, talab va ehtiyojga qarab kasb klassifikatorlarini qayta ko‘rib chiqish hamda ta’limda sog‘lom raqobatni ta’minlash lozimligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga tadbirda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Davlat test markazi hamda oliy ta’lim muassasalari hamkorlikda bu yilgi test jarayonlarini bekami-ko‘st o‘tkazilishini ta’minlash topshirildi.
Yig‘ilish yakunida A.Toshqulov davlatimiz rahbari belgilab bergan vazifalarni to‘liq ado etilishida vazirlik jamoasi yakdillikda, bor kuch-g‘ayratini ishga solgan holda mehnat qilishini bildirdi.
– Oliy ta’lim bilan professional ta’lim bitta harakat, – dedi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri A.Toshqulov. – Chunki bu yerda ta’lim bor, tarbiya bor.
Yig‘ilish yakunida sohaga oid amaliy rejalar belgilandi.
N.Usmonova, O‘zA