Oliy ta’lim tizimida integratsiya jarayoni qanday?
bugungi kunda oliy ta’lim sohasida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar bo‘y ko‘rsatmoqda. Oliy ta’lim muassasalarining qiyofasi o‘zgarib, moddiy-texnika bazasi yaxshilanmoqda.
O‘z navbatida, ularda ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash kuchaytirilayotgani, jumladan, professor-o‘qituvchilarning daromadi ortib borayotganini alohida ta’kidlash lozim.
Shuningdek, innovatsiya yo‘nalishidagi alohida davlat tuzilmalari tashkil etilib, oliy o‘quv yurtlarida ham yangi bo‘linmalar ochilmoqda. Bularning barchasi oliy ta’limga bo‘lgan yondashuvni o‘zgartirib, uning sifati hamda darajasini ko‘tarishga xizmat qilishi aniq.
O‘zA muxbirining Bank-moliya akademiyasi o‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Elzara YUZLIKAEVA bilan suhbati oliy ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi, xususan, mazkur akademiya faoliyatidagi o‘zgarishlar haqida bo‘ldi.
– bugungi kunda ommaviy axborot vositalari orqali dunyoning barcha mintaqalaridagi holatni tahlil qilib borish imkoniyati mavjud, – dedi E. Yuzlikayeva. – Hozir O‘zbekistondagi islohotlar va o‘zgarishlar jahon ommaviy axborot vositalarining diqqat markazida va jahon hamjamiyatini hayron qoldirmoqda, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. So‘nggi 3 yil davomida yangi O‘zbekistonni shakllantirishning fundamental poydevori yaratildi, deyishga hamma asoslarimiz bor. Ayniqsa, ijtimoiy sohani rivojlantirish, xususan, ta’lim tizimini modernizatsiya qilishda asrlarga arzigulik mazmun va samara kasb etadigan islohotlar amalga oshirildi.
Oliy ta’lim tizimini ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlari ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, fan, ta’lim va ishlab chiqarishning mustahkam integratsiyasini ta’minlash asosida ta’lim sifatini yaxshilash, raqobatbardosh kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovatsion faoliyatni samarali tashkil etish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ustuvorlik berildi. Mazkur islohotlarning zamirida yosh avlodning intellektual salohiyatini yuksaltirish, raqobatbardosh kadrlar sifatida shakllantirish, bugungi global dunyoning faol ishtirokchisiga aylantirish maqsadlari mujassam.
– Mamlakatimizda ushbu ijtimoiy vazifalarni hal etishning huquqiy va moddiy-texnik asoslari yetarlimi?
– bugungi kunda ta’lim tizimini rivojlantirishning huquqiy-me’yoriy asoslari takomillashtirilmoqda. 2020 yil 23 sentyabrda “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi tarixiy voqea bo‘ldi. Qonunga muvofiq, ta’lim olishning masofaviy, inklyuziv shakllari joriy qilindi, ta’lim tashkilotlariga xorijiy muassasalar bilan qo‘shma fakultet va o‘quv markazlari tashkil qilishga ruxsat etildi. Shuningdek, o‘qituvchilarga mualliflik dasturi va o‘qitish uslublarini joriy etish, zamonaviy pedagogik shakllar, o‘qitish va tarbiya usullarini erkin tanlash huquqi berildi.
Oliy ta’lim sohasidagi islohotlarning pirovard maqsadi o‘z sohasining yetuk mutaxassislarini tayyorlashdan iborat. Shu talablardan kelib chiqib, oliy ta’lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish har qanday ta’lim muassasasi faoliyatining mazmunini tashkil qiladi. Prezidentimizning tashabbusi bilan oliy ta’lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va nodavlat oliy ta’lim muassasalari, shuningdek, investitsiyalarni jalb qilgan holda nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalari filiallari faoliyatini tashkil etish orqali oliy ta’limda raqobat muhitini yaratish kabi yangicha yondashuv shakllandi. Buning natijasida jahon standartlariga mos ravishda STEAM yo‘nalishlarini (aniq fanlar, texnologiya, injiniring, ijodiy san’at va matematika) rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa bizning bitiruvchilarimizning jahon hamjamiyatiga integratsiyalashish jarayonlari samaradorligini yanada oshirdi. Bu yo‘lda oliy ta’lim muassasalarining quvvati, ilmiy salohiyati va boshqa asosiy ko‘rsatkichlaridan kelib chiqqan holda to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlarini oliy ta’lim muassasasi tomonidan mustaqil belgilash tizimini bosqichma-bosqich joriy etish jarayoni boshlandi.
– Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Bank-moliya akademiyasi mamlakatimizdagi eng nufuzli muassasalardan biri hisoblanadi. Oliy ta’limdagi o‘zgarishlar Bank-moliya akademiyasida qanday ahamiyat kasb etmoqda?
–1996 yildan buyon faoliyat yuritayotgan akademiya bank sohasi uchun eng yaxshi kadrlar, yuqori malakali moliyachilarni tayyorlaydigan muhim dargohga aylanib ulgurdi. U shu vaqtga qadar o‘zining to‘rt ming nafar bitiruvchisini yetishtirdi. Bugun ular orasida banklar, moliya tashkilotlari va davlat boshqaruvi organlari rahbarlari borligi biz uchun faxrdir.
Bank-moliya akademiyasi o‘z tarixida jarayonlarni faollashtirish va yangi darajaga ko‘tarish davrlarini bir necha bor o‘tkazdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil 31 oktyabrdagi “Bank-moliya sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ushbu akademiya faoliyatini yanada rivojlantirishda muhim huquqiy asos bo‘lmoqda. Ushbu qaror bilan bank-moliya sektorlarida kadrlar tayyorlash tizimini jadallashtirish va takomillashtirishning yangi bosqichi boshlandi.
Xalqaro standartlarga muvofiq, eng yaxshi xorijiy amaliyotlarni hisobga olgan holda o‘qitish, xodimlarga haq to‘lash tizimini ularning malakasi asosida amalga oshirish, xodimlarda raqamli ko‘nikmalarni tayyorlash, eng yangi texnologiyalarni biladigan boshqaruv xodimlarini tayyorlash, umumiy biznes tamoyillari va korporativ madaniyatni shakllantirish, xorijiy banklarda malaka oshirish va stajirovkalarga yuborish yangi bank-moliya tizimining ustuvor yo‘nalishlaridandir. Har qanday ta’lim uning me’yoriy ta’minotini takomillashtirib borishni talab qiladi. So‘nggi ikki yil davomida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va oliy ta’lim dasturlarining uyg‘unligi va izchilligini ta’minlash, oliy ta’lim muassasalarining o‘quv rejalarini kredit-modul tizimiga o‘tkazish mexanizmlari ishlab chiqildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Bu harakatlar o‘quv adabiyotlari sifatini yaxshilash, zamonaviy o‘quv adabiyotlarini yaratish tartibini soddalashtirish, eng yangi xorijiy adabiyotlarni xarid qilish va tarjima qilish ishlarini jadallashtirish, xorijiy adabiyotlardan qo‘shimcha yoki muqobil o‘quv adabiyotlari sifatida foydalanishni kengaytirishga olib keldi. Bu jarayon oliy ta’lim muassasalari Vasiylik kengashlari, mahalliy hokimiyat organlari va homiylar tomonidan investitsion jarayonlarning faollashuvi bilan qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Mazkur o‘zgarishlar talabalarda kreativ fikrlash, amaliy ko‘nikmalarni shakllantirish, talabalarda mustaqil ta’lim olish, tanqidiy va ijodiy fikrlash, tizimli tahlil qilish, tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, o‘quv jarayonida kompetensiyalarni kuchaytirishga qaratilgan metodika va texnologiyalarni joriy etish, o‘quv jarayonini amaliy ko‘nikmalarni shakllantirishga yo‘naltirish, bu borada o‘quv jarayoniga xalqaro ta’lim standartlariga asoslangan ilg‘or pedagogik texnologiyalar, o‘quv dasturlari va o‘quv-uslubiy materiallarni keng joriy etishga xizmat qilishi shubhasiz, albatta.
Ayni kunlarda oliy ta’lim muassasalari fan olimpiadalarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish, shaffoflikni ta’minlash, baholash mexanizmlarini xalqaro olimpiada va tanlovlar mezonlariga moslashtirishga harakat qilyapmiz. Xususan, Bank-moliya akademiyasi tomonidan 2021 yilda “Moliyaviy savodxonlik” bo‘yicha fan olimpiadasi tashkil etilmoqda. Ushbu olimpiadaning birinchi (jamoaviy) bosqichi 18-19 iyul kunlari o‘tkazildi. Olimiadaning birinchi bosqichida jami 672 jamoa katnashdi. Natijalar tahlili shuni ko‘rsatdiki, yuqori ko‘rsatkich maktablar bo‘yicha 92 ball, litsey va kollejlar bo‘yicha 26 ball, oliy o‘quv yurtlari bo‘yicha 42 ballni tashkil etdi. Hozirda olimpiadaning ikkinchi bosqichini o‘tkazishga tayyorgarlik ko‘rilyapti.
– Bank-moliya akademiyasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasida qanday ishlar qilinmoqda?
– Bank-moliya akademiyasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga ustuvor vazifa sifatida qaraladi. 2021 yil 21 iyul kuni Bank-moliya akademiyasi va Qozon federal universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumiga asosan tarixiy kelishuv imzolandi. Unga muvofiq, ilk marotaba 2021-2020 o‘quv yilidan boshlab qo‘shma ta’lim dasturlari asosida bakalavriatura bo‘yicha iqtisod (moliya va kredit) va magistratura bo‘yicha iqtisod (Moliyaviy tahlil) yo‘nalishlarida talabalar qabul qilinadi. O‘ylaymanki, bu respublikamizda moliya sohasidagi davlat siyosatini jahon miqyosida targ‘ib qilishga munosib xizmat qiladi.
– Oliy ta’lim muassasalarida ilmiy-tadqiqot ishlari natijadorligini oshirish, yoshlarni ilmiy faoliyatga keng jalb etish, oliy ta’lim muassasalarida ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirishga yangicha yondashuv talab etilmoqda. Aytingchi, mana shu yondashuv o‘zini oqlaydimi?
– Mustaqillikning ilk yillarida shakllangan ta’lim tizimi innovatsion faoliyatni rivojlantirishni maqsad qilmagan edi. Lekin bugungi shiddat bilan rivojlanayotgan dunyoda professor-o‘qituvchilar, ilmiy izlanuvchilar, doktorantlar, magistratura va bakalavriat talabalarining texnoparklarda ilmiy va innovatsion faoliyat olib borishlariga erishish hayotiy dolzarb masalaga aylandi. Oliy ta’lim muassasalarida ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor lavozimi joriy etildi. Ularga nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarda maqolalar chop etish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish, oliy ta’lim muassasalari ilmiy jurnallarining Scopus, ScienceDirect va boshqa xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazalariga bosqichma-bosqich kiritilishini ta’minlash, byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga startap loyihalari asosida tijoratlashtirish salohiyati yuqori bo‘lgan yangi mahsulotlar va texnika-texnologiyalarni yaratish orqali oliy ta’lim muassasalari huzurida ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish bilan shug‘ullanuvchi korxonalarni tashkil etish vazifalari yuklatildi.
Qisqa vaqt ichida oliy ta’lim muassasalariga xorijiy investitsiyalar jalb qilinmoqda. Pullik xizmatlar ko‘lami kengaydi, xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasiga kiruvchi nufuzli ilmiy nashrlarda maqolalar e’lon qilish deyarli 3 barobarga oshdi. Demak, ilm-fan rivojida bunday qadam o‘z samarasini beradi, deb o‘ylayman. Shuningdek, professor-o‘qituvchilarning xorijdagi oliy ta’lim hamda ilmiy-tadqiqot maskanlarida malaka oshirishi va stajirovka o‘tashini ta’minlaydigan mexanizm yaratildi. Ularning oylik ish haqi miqdori 2018 yilga nisbatan o‘rtacha 2,5 barobar oshirildi. Bu yildan boshlab 10 ta oliy ta’lim muassasasi o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazildi. Yana 30 ta yetakchi oliygohga o‘quv dasturlarini ishlab chiqish, qabul kvotasi va moliyaviy masalalarni mustaqil hal qilish huquqi berilishi kutilmoqda.
Muxtasar aytganda, oliy ta’lim sohasidagi islohotlar bugungi kunda o‘zining dolzarbligi va amaliy ahamiyati bilan mazkur tizimni takomillashtirishga xizmat qilayotir.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA