Bu haqda “El-yurt umidi” jamg‘armasi va Birlashgan Arab Amirliklari “Synergy University” o‘rtasida hamkorlik masalasi yuzasidan bo‘lib o‘tgan muloqotda aytib o‘tildi.
BAA universiteti Xalqaro aloqalar bo‘limi boshlig‘i Yuliya Metelitsiya bilan kechgan muloqotda hamkorlik ko‘lamini kengaytirish, talabalar almashinuvi dasturini tashkil etish va birgalikda kadrlar tayyorlash tamoyili asosida ish olib borish masalalari muhokama etildi.
Rossiyadagi yirik xususiy universitetlardan biri, 1988 yil tashkil etilgan “Synergy University” xalqaro miqyosda ta’lim beruvchi nufuzli oliygohlardan biri sifatida tanilgan.

Uchrashuvda mavjud aloqalarni rivojlantirish, xususan qo‘shma ta’lim dasturlari doirasida mamlakatimiz yoshlarining mazkur universitetda ta’lim olishi, vazirlik, idoralar mutaxassislari uchun stajirovka dasturlari tashkil etilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Jamg‘arma ijrochi direktori o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Javohir Ahmedov mamlakatimizda kadrlar tayyorlash tizimini isloh qilishga qaratilgan chora-tadbirlar, o‘zbek yoshlarining yetakchi xorijiy oliy ta’lim dargohlarida ta’lim olishi va ilmiy-tadqiqot olib borishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar haqida so‘zlab berdi. Mavjud ta’lim dasturlari bo‘yicha mutaxassislarni xorijda, jumladan “Synergy University”da ta’lim olishi bo‘yicha hamkorlikni chuqurlashtirish, jamg‘arma stipendiatlariga ma’lum miqdorda grant ajratish yuzasidan takliflar bildirdi.

Yoshlarimiz mazkur universitetda ta’lim olishi uchun yaratilgan imkoniyatlar mavzusiga bag‘ishlangan vebinar tashkil etishga kelishildi. Barcha takliflar hamkorlar tomonidan ma’qullandi. Memorandum asosida “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiatlari o‘qish xarajatiga chegirma joriy etilishi ma’lum qilindi.
G.Sattorova, O‘zA