Oliy ta’lim: imkoniyat va qulayliklar
bugungi kunda yoshlarga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Oliy ta’lim muassasalariga hujjat topshirishdan boshlab, o‘quv jarayonini tashkil etish, o‘qishni tugallash va ishga joylashish bilan bog‘liq ko‘p jarayonlarda elektron tizim imkoniyatlaridan unumli foydalanilmoqda. Yaratilayotgan qulayliklar ortiqcha sarsongarchilikning oldini olmoqda.
Uzoq vaqt davomida umumta’lim maktabi bitiruvchisida faqat bitta oliy ta’lim muassasasiga o‘qishga hujjat topshirish imkoniyati bo‘lgan. Bunda o‘qishga bali yetmagan abituriyent imkoniyatini sinab ko‘rish uchun yana bir yil kutgan. Ayrim yoshlar o‘z maqsadidan voz kechgan, iste’dodlar boy berilgan. Ayniqsa, qizlar oliy ta’limga qayta-qayta hujjat topshira olmagan: ota-ona “tengi chiqsa” turmushga berib yuborgan. Ushbu muammoning oldini olish, yoshlarga qo‘shimcha imkoniyatlar taqdim etish uchun abituriyent 5 tagacha oliy ta’limga hujjat topshirish huquqiga ega bo‘ldi. Bir oliy ta’limga bilimi yetmagan abituriyentga yana to‘rtta imkoniyat taqdim etilmoqda.
Bundan tashqari, abituriyentning hujjat topshirishidagi onlayn tizim ham uzoq masofadan oliy ta’lim muassasasiga kelishiga hojat qoldirmayapti. Uydan turib, tegishli ta’lim yo‘nalishiga hujjat topshirish imkoniyati uzoq hududlardan Toshkent shahriga yoki viloyat markazlariga qatnovning oldini oldi. Buning ustiga test topshirish ham abituriyent yashaydigan viloyatning o‘zida tashkil etilgani ham juda katta qulaylik hisoblanadi.
So‘nggi ikki o‘quv yilida amalga oshirilgan o‘zgarishlarni ham alohida aytib o‘tish kerak, ikkinchi mutaxassislikka hujjat topshirish uchun ikkinchitalim.edu.uz platformasi ishlab chiqildi. Bunda ham ikkinchi ta’limni olmoqchi bo‘lgan fuqaro hujjatlarini onlayn tarzda oliy ta’lim muassasasiga topshiradi. Ikkinchi oliy ta’lim istagidagi yoshlarga keng imkoniyatlar yaratib berildi. 2022-2023 o‘quv yilidan oliy ta’lim muassasasi kengashi ikkinchi oliy ta’limga kvotalarni, imtihon shakllarini, shartnoma miqdorini o‘zi hal etadi.
Yana bir muhim o‘zgarishlardan biri talabalar o‘qishini ko‘chirish va tiklash bilan bog‘liq jarayonlarning elektronlashtirilgani bo‘ldi. Mazkur jarayonlar ochiq va shaffof bo‘lishini ta’minlash maqsadida xorijiy yoki nodavlat (xususiy) oliy ta’lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirmoqchi bo‘lganlarning arizalarini qabul qilish va ko‘rib chiqish my.dtm.uz platformasi yordamida amalga oshirildi. Bir oliy ta’limdan ikkinchi oliy ta’limga o‘qishni ko‘chirish va o‘qishni tiklash bilan bog‘liq hujjatlarni rasmiylashtirish uchun transfer.edu.uz platformasi yaratildi.
Talaba o‘qishni ko‘chirish yoki tiklash uchun ariza topshirganda faqat unga qo‘shimcha ravishda pasport nusxasi va transkript (reyting daftarchasi, akademik ma’lumotnoma) yuklaydi, xolos. Talabaga arizasining ko‘rib chiqilganlik holatini o‘z sahifasi orqali to‘liq kuzatish imkoniyati berildi. Talabalar o‘qishini qayta tiklash masalasi to‘liq oliy ta’lim muassasalari vakolatiga berildi.
Oliy ta’lim muassasalarida qog‘ozbozlikni kamaytirish, o‘quv jarayonini raqamlashtirish, ochiqlik va shaffolikni ta’minlash, professor-o‘qituvchilar, talabalarga qulayliklarni yaratish maqsadida “Oliy ta’lim jarayonlarini boshqarish axborot tizimi” (HEMIS) ishlab chiqildi. Avvalgi jurnal yuritish tizimidan butunlay voz kechildi. HEMISdagi elektron jurnalni yuritish mumkin. Talabalar HEMISdan topshiriqlar olishi, resurslardan foydalanishi, topshiriqlarga javobni yuklashi, o‘ziga qo‘yilgan baholarni kuzatib borishi mumkin. Yangi joriy etilgan tizim juda ko‘p qulayliklarni yaratdi.
2021-2022 o‘quv yilidan boshlab talabalar QR-kodli to‘lov-shartnomalarni kontrakt.edu.uz platformasi orqali olmoqda. Imtihon natijalariga ko‘ra talabalikka tavsiya etilmagan, biroq tabaqalashtirilgan to‘lov-shartnoma asosida o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar uchun onlayn shaklda ariza qoldirish hamda to‘lov-shartnomani onlayn qabul qilishning elektron tizimi ham ishga tushirildi. bugungi kunda shartnoma qog‘ozini olish to‘liq elektronlashtirilgan.
Ayni vaqtgacha oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomi yo‘qolgan yoki yaroqsiz holatga kelib qolgan fuqaro o‘zi o‘qigan oliy ta’lim muassasasiga murojaat qilishiga to‘g‘ri kelardi. Bunday tizim yana ham soddalashtirildi. Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim to‘g‘risidagi hujjatlarning dublikatini berish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamenti tasdiqlandi. 2022 yil 19 sentyabrdan boshlab, diplomi yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelgan, familiyasi, ismi, otasining ismi o‘zgarganda jismoniy shaxslar hujjatning dublikatini olish uchun davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz orqali murojaat qiladi.
Bunday misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Oliy ta’limdagi islohotlar yoshlarga keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Inson omilini kamaytirish, har jihatdan qulay tizim yaratish yo‘lida samarali chora-tadbirlar ko‘rildi. Ta’lim jarayonini sifatli tashkil etish uchun tizimli islohotlar amalga oshirilmoqda.
To‘ychi Axmedov,
Oliy ta’limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg‘or texnologiyalarni tatbiq etish markazi bo‘lim boshlig‘i.
O‘zA