OLIY TAʼLIM: muammolar va yechim
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida oʻtkazilgan kengaytirilgan rayosat majlisida oliy taʼlim muassasalarida oʻtgan yilda amalga oshirilgan ishlarning sarhisobi va joriy yilgi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesida oʻtkazilgan kengaytirilgan rayosat majlisida oliy taʼlim muassasalarida oʻtgan yilda amalga oshirilgan ishlarning sarhisobi va joriy yilgi dolzarb vazifalar muhokama qilindi.
Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi deputatlari, oliy taʼlim muassasalari rektorlari, filiallar direktorlari, vazirliklar, taʼlim inspeksiyasi rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Prezidentimizning Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida oliy oʻquv yurtlarida taʼlim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni koʻtarish, yoshlarni vatanparvarlik ruhida, yetuk mutaxassislar etib tarbiyalash boʻyicha aniq vazifalar belgilab berildi. Ayniqsa, joriy yilda ilmiy asoslangan ishlarni yoʻlga qoʻyish asosiy vazifalardan biri hisoblanadi.
Davlatimiz rahbari ilmiy-tadqiqot institutlari xodimlari, olimlar, yosh tadqiqotchilar bilan uchrashuvida ilm-fanning bir nechta ustuvor yoʻnalishini rivojlantirish, ilmiy-tadqiqot ishlarini qoʻllab-quvvatlash, fan va ishlab chiqarishdagi aloqalarni mustahkamlash zarurligini taʼkidladi.

Soʻnggi yillarda talaba-yoshlarga har tomonlama sharoitlar yaratish, professor-oʻqituvchilarni, ilm-fan vakillarini moddiy va maʼnaviy qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, oʻtgan yilning oʻzida Orolboʻyida uchta oliy oʻquv yurtining filiali tashkil etilgan boʻlsa, joriy yilda Nukus shahrida Toshkent davlat texnika universitetining filialini ochish nazarda tutilmoqda.
Investitsiya dasturi doirasida Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filiali klinikasida 85 milliard 681 million soʻmlik qurilish ishlari rejalashtirilib, 2017-2019-yillarda 72,8 milliard soʻmlik, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining yangi binosida 52 milliard 702 million soʻmlik qurilish-rekonstruksiya ishlari rejalashtirilib, 2018-2019-yillarda 33,5 milliard soʻmlik ish bajarildi.
Kun tartibidagi masala yuzasidan oliy taʼlim muassasalari rahbarlari deputatlar oldida hisobot berishlari zarur. Shuning uchun ham Qoraqalpogʻiston Respublikasida faoliyat olib borayotgan oliy taʼlim muassasalarida oʻtgan yilda amalga oshirilgan ishlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi tomonidan tashkil etilgan deputatlar ishchi guruhi tomonidan oʻrganilib chiqildi.
Ishchi guruh rahbari taʼkidlanganidek, bugungi kunda Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi 9 ta oliy taʼlim muassasasida 28 ming 584 nafar talaba taʼlim olmoqda. Ularga 1 ming 649 nafar professor-oʻqituvchi, shundan, 70 nafar fan doktori, 461 nafar fan nomzodi, 207 nafar katta oʻqituvchi, 940 nafar assistent-oʻqituvchi taʼlim bermoqda.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 17-iyundagi “2019/2020 oʻquv yilida Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida 9 ta oliy taʼlim muassasasiga jami 1 ming 76 nafar, shundan bakalavriatning kunduzgi taʼlim shakliga 7 ming 551 nafar, maxsus sirtqi taʼlim shakliga toʻlov-shartnoma asosida 62 nafar, sirtqi taʼlim shakliga 1850 nafar, kechki taʼlim shakliga toʻlov-shartnoma asosida 137 nafar, magistratura mutaxassisligiga 476 nafar talaba qabul qilingan. Shuningdek, davlatimiz tomonidan belgilangan imtiyozlar asosida 457 nafar oʻgʻil-qiz talaba boʻlish baxtiga muyassar boʻldi.
Shu bilan birga Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida Rossiya Federatsiyasining ikkita, Belarus Respublikasining bitta oliy oʻquv yurti, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filialida Belarus Respublikasining bitta oliy oʻquv yurti, Toshkent pediatriya tibbiyot instituti Nukus filialida Rossiya Federatsiyasi va Janubiy Koreyaning nufuzli oliy taʼlim muassasalari bilan qoʻshma fakultetlar tashkil etildi. Ularga 13 taʼlim yoʻnalishi boʻyicha toʻlov-shartnoma asosida 103 nafar talaba qabul qilindi.
2019-2020 oʻquv yilida ishlab chiqilgan “Yoʻl xaritasi” asosida taʼlim sifatini yaxshilash, ilmiy-tadqiqot ishlarining samaradorligini taʼminlash, professor-oʻqituvchilarning kasb tayyorgarligi darajasini orttirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha muayyan ishlar amalga oshirilgan.

Oʻrganish jarayonida ayrim kamchiliklarga yoʻl qoʻyilayotganligi qayd etildi. Jumladan, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti, Ajiniyoz nomidagi Nukus davlat pedagogika institutining mamlakatimiz oliy oʻquv yurtlari orasidagi reyting koʻrsatkichlari pasayib ketgan, Professor-oʻqituvchilarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, chet tillarini oʻzlashtirish darajasi talabga javob bermaydi. Talabalarni darslik va oʻquv qoʻllanmalari, yotoqxonalar bilan taʼminlashda, bitiruvchilarni mutaxassisliklari boʻyicha ishga joylashtirishda, amaliyotni oʻtashda muammolar borligi tanqid qilindi.
Oliy oʻquv yurtlari rektorlari, filiallar direktorlarining axborotlari tinglandi. “Yoʻl xaritasi”da belgilangan vazifalarning bajarilishini taʼminlash, qayd etilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli qaror qabul qilindi.
Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M.Yerniyazov ishtirok soʻzga chiqdi.
