Oliy sud raisi: "Sudlarda ochiqlikni keng ta’minlash orqali adolat qaror topishiga zamin yaratilmoqda"
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasida sud-huquq tizimini xalqqa yaqinlashtirishga qaratilgan ishlar izchil davom ettirilishi qayd etildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi Baxtiyor Islomov shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib berdi:
– Davlatimiz rahbari odil sudlov jarayonini “raqamli sud” konsepsiyasi asosida tashkil etishga kirishilganini alohida ta’kidladi. Haqiqatan, sud sohasiga raqamli texnologiyalar keng joriy etilayotgani fuqarolar va tadbirkorlarga juda katta qulayliklar yaratdi. Sudga onlayn murojaat, sudda onlayn ishtirok etish, onlayn xabarnoma olish, onlayn maslahatdan bahramand bo‘lish kabi qulay usullar odamlarning mablag‘i, vaqtini tejashga yordam bermoqda.
Endi tergovni ham raqamlashtirish orqali inson huquqlari himoyasining kuchaytirilishi murojaatnomada qayd etildi. Bunda, jinoyat haqidagi arizani qabul qilishdan boshlab, ishni sudga o‘tkazishgacha bo‘lgan bosqichlarga sun’iy intellekt texnologiyalari joriy etiladi va inson omili qisqartiriladi.

Yurtimizda tergov sudyalari ish boshlagani – xalqaro tan olingan “Xabeas korpus” institutini qo‘llashning navbatdagi muhim bosqichi bo‘ldi. Tergov sudyalariga sanksiya va majburlov choralarini o‘zgartirish hamda bekor qilish vakolatlari ham beriladi. Odil sudlovni amalga oshirishda jamoatchilik ishtiroki va roli oshiriladi.
Endi jinoyat protsessiga ingliz huquqidagi davlatlarda ijobiy natija bergan “xalq vakillari hay’ati” instituti bosqichma-bosqich joriy etiladi. Bunda, o‘ta og‘ir va jamiyatda shov-shuvga sabab bo‘layotgan jinoyatlar jamoatchilik vakillari ishtirokida ko‘rib chiqilishi sud hukmining yanada adolatli bo‘lishiga xizmat qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, sudlarda ochiqlikni keng ta’minlash orqali adolat qaror topishiga mustahkam zamin yaratilmoqda.
Aytib o‘tish kerakki, sud-huquq tizimidagi strategik islohotlar samarasini ta’minlashda yangi tahrirdagi Konstitutsiya norma va prinsiplari hal qiluvchi ahamiyatga ega. Asosiy qonunning sud hokimiyatiga bag‘ishlangan bobidagi 11 moddada odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshirilishi, sud hokimiyatining huquq va majburiyatlari, sud qarorlari barcha uchun majburiyligi, sudya va oila a’zolarining xavfsizligini ta’minlash hamda sudlar faoliyatini moliyalashtirish kabi 30 dan ziyod muhim konstitutsiyaviy normalar mustahkamlandi.
Inson huquq va erkinliklarini ta’minlash kafolatlari, shu jumladan, “Xabeas korpus” va “Miranda qoidasi” umume’tirof etilgan institutlarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash orqali sezilarli darajada kuchaytirildi.
Bosh qomusimizda Konstitutsiya normalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishi belgilangani sud hokimiyatining mustaqilligini ta’minlash hamda odil sudlov tizimini demokratlashtirishda muhim huquqiy asos sifatida xizmat qilmoqda.
Chunonchi, bu borada Oliy sud plenumining “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2023 yil 1 maydan bugungi kunga qadar sudlar tomonidan 426 mingdan ortiq ish va materiallarda yangi tahrirdagi Konstitutsiya normalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanildi.
Sud-huquq tizimini tubdan takomillashtirish va sohaning huquqiy asoslari jadal rivojlanishiga qaratilgan tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar natijasida 300 dan ortiq normativ-huquqiy hujjat loyihasi, shu jumladan, 200 ga yaqin qonun loyihasi ishlab chiqildi.
Natijada sud tizimiga oid 60 dan ortiq qonun, farmon va qaror qabul qilindi. Sudlarning moliyaviy mustaqilligi kuchaytirildi.
Sud ishlarini yuritishda yangi institutlar kiritildi, mavjudlari takomillashtirildi. Jinoyat protsessida yarashuv instituti kengaytirildi. Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki eshituv, fuqarolik va iqtisodiy sudlarda sudgacha majlis, soddalashtirilgan tartibda ish yuritish, mediatsiya institutlari joriy qilindi.
Inson huquqlarini sud orqali himoya qilish tizimi izchil takomillashtirilmoqda. Xususan, jinoyat ishi yurituvida insonparvarlik tamoyillari asosida “Xabeas korpus” institutini yanada keng tatbiq etish maqsadida tergov sudyalari instituti amaliyotga joriy qilindi.
Ma’muriy sudlarda mansabdor shaxslarning qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqish tizimini takomillashtirish orqali sud nazoratini qo‘llash sohasini kengaytirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish konsepsiyasi qabul qilindi.
Oilani mustahkamlash, xotin-qizlarning qonuniy manfaatlarini ro‘yobga chiqarish hamda fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlarda oilaviy nizolarni ko‘rishga ixtisoslashgan sudyalar korpusini shakllantirish maqsadida “Oila sudyalari” tashkil etildi.
Davlatimiz rahbarining 2025 yil 21 avgustdagi “Sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish orqali odil sudlovga erishish darajasini oshirish hamda sud tizimining moddiy-texnik ta’minotini yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni sud-huquq islohotlarining izchil davomi bo‘ldi.
Shu asosda sudlar faoliyatiga sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish hamda raqamlashtirish jarayonlari jadallashtirilmoqda. Zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sud ishlarini to‘liq elektron ko‘rinishga o‘tkazish orqali to‘liq qog‘oz shaklidan voz kechish, sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanilgan holda fuqarolar uchun interaktiv xizmatlar turlarini kengaytirish ustida ish olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbari yaqinda imzolagan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyatini yanada takomillashtirish va zamonaviy raqamli texnologiyalarni joriy etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmon bilan muayyan ish bo‘yicha sud tomonidan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini qayta ko‘rish, Konstitutsiyaviy sudga Oliy sud tomonidan murojaat kiritilishi holatini sudda tegishli ish bo‘yicha ish yurituvini to‘xtatishga asos bo‘lishi kabi qoidalar belgilandi. Bu Oliy sud bilan Konstitutsiyaviy sud o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikning huquqiy kafolatlarini yanada mustahkamladi.
Masalaning muhim jihati shundaki, endilikda sud amaliyotida uchrayotgan va jumboq bo‘lib qolayotgan munozarali masalalarning yechimida bu amaliyotdan foydalaniladi.
Bularning barchasi odil sudlovga erishishga, jamiyatda adolat qaror topishiga, fuqarolarning buzilgan huquq va qonuniy manfaatlari tiklanishiga xizmat qiladi.
Norgul Abduraimova,
O‘zA