Oliy sud plenumi majlisi
Oliy sud raisi K.Komilov boshqargan majlisda bir qator plenum qarorlari loyihasi muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi. Videokonferensaloqa rejimida o‘tkazilgan majlisda sudyalar, senator, deputatlar, olimlar, davlat va jamoat tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Oliy sud raisi K.Komilov boshqargan majlisda bir qator plenum qarorlari loyihasi muhokama qilindi.
Jumladan, “Ma’muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud amaliyoti haqida”, “Sudlarda qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holat bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risida” va “Apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlari tomonidan iqtisodiy protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi plenum qarorlari loyihalari nima maqsadda ishlab chiqilgani xususida so‘z yuritildi.
“Ma’muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha sud amaliyoti haqida”gi qaror loyihasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning qabul qilingani munosabati bilan ishlab chiqilgan.
Kodeksning 23-bobida ma’muriy organlar tomonidan manfaatdor shaxsga turli to‘siqlar vujudga keltirilgan holatda sudga murojaat qilish mumkinligi bo‘yicha me’yorlar aks etgan. Ushbu bobda ko‘rsatilgan holatlarda sudlar ishni ko‘rishda ma’muriy organlar yoki mansabdor shaxsning faoliyatida qonun hujjatlari buzilganligi aniqlansa, yuqori turuvchi organ yoki mansabdor shaxs faoliyatini amalga oshirayotgan organ nomiga xususiy ajrim chiqarish masalasini hal qilishi lozim.
“Sudlarda qonuniy kuchga kirgan sud hujjatlarini yangi ochilgan holat bo‘yicha qayta ko‘rish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi bilan sudlarga qonuniy kuchga kirgan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorlari, apellyatsiya va kassatsiya instansiya sudlarining ajrimlari, nazorat instansiyasining ajrim va qarorlari yangi ochilgan holatlar bo‘yicha ushbu sud qarorini qabul qilgan sud tomonidan qayta ko‘rish mumkinligi tushuntirilmoqda.
Plenum majlisida O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi amalga kiritilganligi, shuningdek, iqtisodiy sudlar tomonidan ishlarni apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida ko‘rishda ushbu kodeks normalarini to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan “Apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlari tomonidan iqtisodiy protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ham muhokama qilindi.
Aytish kerakki, birinchi instansiya sudining hal qiluv qarorlari hamda ajrimlarini apellyatsiya va kassatsiya instansiyasi sudlarida qayta ko‘rish ishda ishtirok etuvchi shaxslar, shuningdek, ishda ishtirok etishga jalb qilinmagan, ammo huquqlari va majburiyatlari to‘g‘risida sud hal qiluv qarori qabul qilgan shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning muhim kafolati bo‘lib, birinchi instansiya sudining xatolarini bartaraf etishga imkon beradi.
Bundan tashqari, majlisda “O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy xo‘jalik sudi plenumining ayrim qarorlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qaror loyihasi ham muhokama qilindi.
Yig‘ilishda ta’kidlanganidek, muhokama etilgan plenum qarorlari fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy ishlarni qonuniy hamda adolatli hal etishda fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga, qonun hujjatlarining sud amaliyotida aniq va bir xilda tatbiq etilishiga, yagona sud amaliyotini shakllantirishga, shuningdek, yangi qabul qilingan qonun hujjatlarini amaliyotda yanada samarali qo‘llanilishiga xizmat qiladi.
Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.
Plenum qarorlarining mazmun-mohiyati hamda ahamiyatini aholiga, tadbirkorlarga, davlat organlari va tashkilotlar xodimlariga, sudyalarga tushuntirish bo‘yicha viloyatlarda va mahallalarda tadbirlar amalga oshirilishi lozimligi qayd etib o‘tildi.
Plenum majlisida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori N.Yo‘ldoshev ishtirok etdi.