Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan joriy yil birinchi choragida qancha ish ko‘rib chiqildi? Ko‘rib chiqilgan ishlar qanday yo‘nalishlarda bo‘ldi?
Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov shu kabi savollarga javob berdi:
– Joriy yilning birinchi choragi davomida 19 ming 646 nafar shaxsga nisbatan 15 ming 681 jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 108 nafar shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilindi. 2 ming 42 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalida qamoqdan ozod qilindi. 8 ming 181 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi.
Yarashuv instituti natijasida 3 ming 429 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.
Apellyatsiya tartibida 2 ming 706 nafar shaxsga nisbatan 2 ming 64 jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 92 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 825 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.
Kassatsiya tartibida 1 ming 523 nafar shaxsga nisbatan 1 ming 330 jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 115 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 475 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.
Taftish tartibida 1 ming 598 nafar shaxsga nisbatan 1 ming 360 jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 46 nafar shaxsga nisbatan quyi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 268 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.
Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida 286 nafar shaxsga nisbatan 240 jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 58 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 87 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.
Jinoyat ishlarining aksariyatini firibgarlik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, o‘g‘rilik, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish bilan bog‘liq jinoyatlarni tashkil etgan.
N.Abduraimova, O‘zA