Oliy Rada gagauzlarni Ukrainaning tub aholisi sifatida tan olish taklifini ilgari surdi
Gagauzlarni Ukrainaning tub aholisi sifatida tan olish to‘g‘risidagi qonun loyihasi Oliy Radada ro‘yxatga olindi.
Ushbu xalq Odessa viloyati va Moldovaning janubiy qismida yashovchi, aksari xristian dini pravoslav mazhabiga e’tiqod qiluvchi turkiy xalq hisoblanadi. 2001-yil aholini ro‘yxatga olish jarayonida to‘plangan ma’lumotga ko‘ra, Ukrainada taxminan 30 000 gagauz bor. Moldovadagi Gagauziya mintaqasi esa muxtoriyat maqomiga ega.
2025-yil kuzida Ukraina tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga gagauzlarni tub aholi sifatida tan olish taklifini kiritdi va bu elat madaniy va diplomatik muloqot uchun alohida ahamiyat kasb etishiga urg‘u berdi.
2021-yil Oliy Rada ko‘pchilik ovoz bilan “Ukrainaning tub xalqlari to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilgan. Ushbu hujjatda Qrim tatarlari, karaitlar va qrimchaklar ham mamlakatning tub xalqlari hisoblanishi ta’kidlangan.
S.Rahimov, O‘zA