Oliy malaka toifasiga ega bo‘lgan o‘qituvchilarni pedagogika sohasining magistratura bosqichida masofaviy ta’lim shaklida o‘qitish tashkil etiladi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining oliy malaka toifasiga ega o‘qituvchilarini pedagogika sohasida magistraturaga o‘qishga maqsadli qabul qilish tizimini joriy etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining umumiy urta ta’lim tashkilotlarida faoliyat olib borayotgan xalqaro akkreditatsiyalangan tizimda oliy malaka toifasiga ega bo‘lgan o‘qituvchilarni pedagogika sohasining magistratura bosqichida masofaviy ta’lim shaklida o‘qitish tashkil etiladi.
Ushbu jarayon oliy ta’lim tashkilotlarining magistraturasiga o‘qishga qabul qilish bo‘yicha belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
Oliy toifali o‘qituvchilar:
maqsadli magistraturada o‘qish jarayonlarini ishdan ajralmagan holda, masofaviy ta’lim shaklida amalga oshiradi;
maqsadli magistraturani tugatgandan keyin uch yil davomida umumiy o‘rta ta’lim tashkilotida ishlab berish majburiyatini oladi.
Oliy toifali o‘qituvchilar ushbu qarorga muvofiq maqsadli magistraturaga qabul qilingan taqdirda, ularga nisbatan Vazirlar Mahkamasining “Davlat oliy ta’lim muassasalari magistratura bosqichida ta’lim olayotgan xotin-qizlarning to‘lov-kontrakt mablag‘larini to‘lab berish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2022-yil 15-avgustdagi 447-son qarorida belgilangan to‘lov-kontrakt summasini Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berish shartlari tatbiq etilmaydi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab oliy toifali o‘qituvchilarni Nizomiy nomidagi O‘zbekiston milliy pedagogika universitetida maqsadli magistraturada o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.
Har yili umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarining yuqori malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, kelgusi o‘quv yili uchun oliy toifali o‘qituvchilarni maqsadli magistraturaga qabul qilish parametrlarini O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tashkilotlariga qabul qilish bo‘yicha davlat komissiyasiga tasdiqlash uchun kiritib boriladi.
Qarorda manfaatdor vazirlik va idoralar o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ikki oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirishlari belgilangan.
O‘zA