Oliy Majlis Senatining ishchi guruhi Xorazmda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva boshchiligidagi ishchi guruh aholi, xususan xotin-qizlar va yoshlar uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni o‘rganish maqsadida Xorazm viloyatiga tashrif buyurdi.
Senat raisi dastavval Urganch shahridagi “Ishga marhamat” monomarkazida bo‘ldi. Monomarkazning har bir yo‘nalishi bo‘yicha tashkil qilingan o‘quv-kurslarida yaratilgan shart-sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi. Bu yerda mehnat bozori talabidan kelib chiqqan holda tikuvchilik, qandolatchilik, ayollar va erkaklar sartaroshligi, kashtachilik, zamonaviy elita pardalari tikuvchiligi, tadbirkorlik, elektr ustasi yo‘nalishlarida o‘quvlar tashkil etilgan. Senat raisi bu yerda xunar o‘rganayotgan tinglovchilar bilan suhbatlashdi. Shundan so‘ng Senat ishchi guruhi Urganch tumanidagi “Turkmanlar” mahallasida joylashgan qadimiy “Ulli hovli” yodgorlik majmuasida bo‘ldi.
Tarixiy majmuada Turkman ayollari va “Ayollar daftari”da turgan tumandagi xotin-qizlar bilan uchrashuv tashkil etildi. Bayramona tashkil etilgan mazkur tadbir ko‘tarinki kayfiyatda kuy-qo‘shiqlar va yallalar bilan boshlandi. Aziz mehmonni milliy urf-odatlarga ko‘ra turli pishiriq va shirinliklar bilan kutib oldi. Qozoq milliy madaniyat markazi vakillari esa ramziy ma’noda “kelin salom” badiiy ko‘rinishini namoyish etdi.
Ayollar bilan bo‘lgan ochiq va samimiy muloqot davomida bugungi shiddatli zamonda xotin-qizlar va yoshlar masalalari dolzarbligi kun sayin ortib borayotgani, shu bilan birga, yechimini kutayotgan muammolar ham ko‘p ekanligi ta’kidlandi.
Uchrashuv davomida “Ayollar daftari”gi kiritilgan xotin-qizlarning turmush sharoiti yaxshilanishiga ko‘maklashish maqsadida maishiy texnikalar tarqatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Senati raisi Tanzila Norboyeva Yangibozor tumanidagi "Ocha qal’a" mahallasi ayollari bilan ham uchrashdi. “Ayollar maslahat kengashi” a’zolari, mahallaning faol ayollari va kayvoni onaxonlar bilan xotin-qizlar masalalari, muammolar, bugun qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar, islohotlar haqida dildan suhbatlashdi. Qayd etish lozim, joriy yilda “Ayollar maslahat kengashi” faoliyati davomida 8 ta oila yarashtirildi, 1 ta oilalarda notinchlik bartaraf qilindi, 2 ta qarindoshlar o‘rtasidagi nikohning oldi olindi. Mahalla hududida esa jinoyat va huquqbuzarlik sodir etilmadi. Suhbat chog‘ida jamiyatimizda ayollar gender tengligi masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi.
“Ocha-qal’a”liklar bilan kechgan suhbatdan so‘ng senat raisi va ishchi guruhi ishtirokida Yangibozor tumanida yangi kutubxona foydalanishga topshirildi. bugungi kunda kitobxonlikka bo‘lgan e’tibor asosiy masalalardan bo‘lib kelmoqda. Ushbu kutubxona Yangibozor tumanida Ma’naviyat va ma’rifat maskanida joylashgan bo‘lib, Alisher Navoiy nomidagi milliy kutubxonasi bilan internet orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqa o‘rnatilgan. Kutubxonada yuz ming dan ziyod kitob mavjud. Bepul internet bilan ta’minlangan.
Yangi kutubxonada jajji bolajonlar, o‘quvchi-yoshlar shuningdek, bir guruh ijodkorlar ishtirokida davra suhbati ham tashkil etildi. Yurtdoshlarimiz ko‘zidagi quvonch amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin ko‘rsatkichidir. Tadbir davomida bugungi o‘zgarishlar jarayonining harakatlantiruvchi kuchi va faol ishtirokchisi bo‘lmish yoshlarning ko‘tarinki kayfiyati ularning chaqnoq ko‘zlarida aks etdi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva Gurlan tumaniga ham tashrif buyurdi. Tashrif davomida xalq deputatlari Gurlan tuman Kengashi kotibiyatida deputatlar bilan uchrashdi. Ochiq muloqotda deputat so‘rovi, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamiga g‘amxo‘rlikni oshirish va boshqa masalalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.
Senat raisi Gurlan tumanida “Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi” a’zolari va mahalla raislarining oila, xotin- qizlar va ijtimoiy-ma’naviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosarlari bilan ham uchrashdi.
Unda xotin-qizlar muammolari bilan ishlash, “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarga ko‘rsatilgan amaliy yordamlar, “Xotin-qizlar jamoatchilik kengashi”ning bugungi kunga qadar amalga oshirgan ishlari tahlil qilindi va kelgusida amalga oshirilishi rejalashtirilgan vazifalar belgilab olindi. Uchrashuv davomida ish bilan band bo‘lmagan va maxsus o‘quv-kurslarida tikuvchilik xunarini o‘rgangan ayollarga tikuvchilik mashinalari topshirildi.
Ishchi guruhi Urganch shahriga qaytgach viloyat hokiligida xalq deputatlari Xorazm viloyat Kengashi deputatlari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida viloyatda aholi, ayniqsa ayollar va yoshlar bandligini ta’minlash, hududlardagi muammolarni bartaraf qilishda deputatlik so‘rovlaridan kengroq foydalanish, senat tomonidan belgilab berilgan 30 ta masala yuzasidan mutasaddi rahbarlarning hisobotlarini o‘z vaqtida tinglab borish, shuningdek mahalliy byudjet mablag‘larini to‘g‘ri va adolatli yo‘naltirish, shuningdek, sarfalanishini ham nazorat qilib borish yuzasidan taklif va ko‘rsatmalar berildi.
O‘rganishlar viloyatning boshqa hududlarida ham davom etmoqda.


Ahmadjon Shokirov, O‘zA