Poytaxtimizda «Oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi tizimi 2023-yil sarhisobi» mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazish masalalari bo‘yicha vakolatli davlat organi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-fevraldagi «Oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’lim tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni OAK faoliyatini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Mazkur hujjat asosida 2017-yil 1-iyuldan oliy o‘quv yurtidan keyingi ta’limda ikki pog‘onali tizim joriy etildi. Ilmiy izlanishlari natijalari asosidagi dissertatsiyalar falsafa doktori (Doctor of Philosophy, bundan buyon – PhD), keyingi bosqichda esa fan doktori (Doctor of Sciences, bundan buyon – DSc) ilmiy darajalarida tasdiqlanmoqda.

OAK fan, ta’lim, texnika va texnologiyalarni rivojlantirish istiqbollarini hisobga olgan holda ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar sifatining xalqaro standartlarga muvofiqligini ta’minlash borasida faoliyatini doimiy takomillashtirmoqda. Bugungi kunda tizimda ortiqcha byurokratik holatlar bartaraf etilgan bo‘lib, attestatsiya bosqichlari raqamlashtirilgan holda ochiqlik, xolislik va shaffoflik ta’minlangan.
2023-yilda 3571 nafar tadqiqotchi ilmiy darajada tasdiqlandi. Shundan, falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasida tasdiqlanganlar 3100 nafarni, fan doktori (DSc) ilmiy darajasida tasdiqlanganlar 471 nafarni tashkil etdi.

Shu davrda 2384 nafar talabgor ilmiy unvonda, jumladan 455 nafari – professor, 1749 nafari dotsent va 180 nafari katta ilmiy xodim unvonlarida tasdiqlandi.
Xorijiy davlatlar muassasalari tomonidan berilgan 79 ta ilmiy darajalar diplomlari nostrifikatsiya qilindi. Shundan 22 tasi fan doktori, 57 tasi falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasida tasdiqlandi.
Xorijiy davlatlarda ilmiy darajalar to‘g‘risida berilgan 22 ta falsafa doktori (PhD) diplomi o‘rnatilgan tartibda fan doktori (DSc) sifatida to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olinib, tegishli diplomlar tasdiqlandi.
OAK rahbariyati tomonidan 2023-yilda hududlarda tashkil etilgan Sayyor qabullarda 55 nafar shaxsning murojaatlari o‘rganilib, o‘rnatilgan tartibda joyida hal etildi.
Sohaga oid kelib tushgan murojaatlarni sifatli va tezkorlik bilan ko‘rib chiqish maqsadida OAK veb-saytida «Tezkor aloqa xizmati» joriy qilingan. Mazkur onlayn xizmat orqali kelib tushgan savollarga ham o‘rnatilgan tartibda javob berilishi tizimli yo‘lga qo‘yilgan.
OAK tomonidan oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlarni attestatsiyadan o‘tkazishda ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash maqsadida OAK rasmiy veb-sayti, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari hamda «OAK Byulleteni» jurnalida barcha tegishli ma’lumotlar keng yoritib borilmoqda.
Mabuot anjumanida Oliy attestatsiya komissiyasi faoliyatiga oid savollarga batafsil javob qaytarildi.
N.Usmonova,
O‘zA