Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumani Sarchashma qishlog‘i tuman markazidan qariyb 80 kilometr uzoqlikda joylashgan. Purviqor tog‘lar bag‘ridagi ushbu qishloqning tabiati o‘ziga xos. Ayniqsa, bahor va yoz faslida hududda ona tabiat chizgan betakror manzarani ko‘rmasdan ketishning imkoni yo‘q. Undan bahramand bo‘lish maqsadida kech kuzgacha bu qishloqdan dam oluvchilarning qadami arimaydi. Lekin so‘lim bahor va yozdan tashqari, hududning qahraton hamda izg‘irin qishi ham bor. Shu sabab u yerda yashashning o‘ziga yarasha mashaqqatlari ham yo‘q emas.
Bundan 4-5 oy avval qishloqda Qashqadaryo viloyat hokimi Murotjon Azimov boshchiligida viloyatning barcha rahbarlari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazildi. Tog‘liklarni qiynab kelayotgan muammolar o‘rganilib, ularning yechimi bo‘yicha bir qator vazifalar belgilab olingandi. Boisi bu vazifalar ijrosi odamlar hayotini yanada yaxshilashga qaratilgani bilan ahamiyatli edi. Ulardan biri, albatta, elektr energiya ta’minotini yaxshilash bo‘yicha simyog‘ochlar masalasi edi. Xo‘sh, o‘tgan vaqt davomida mazkur vazifalar qay darajada bajarildi? Berilgan va’dalar ijrosi ta’minlandimi?
Shu maqsadda fotomuxbir bilan olis Sarchashma qishlog‘i sari yo‘l oldik.
Qishloq manzarasi har qachongidek so‘lim va ajoyib. Bir necha kun oldin yog‘ib o‘tgan yengilgina qor tomlarni qoplagan. Atrofdagi viqorli tog‘lar cho‘qqisidagi qor uyumlari oftobda yaltiraydi. Ko‘chalardagi qor esa mashina qatnovining ko‘pligi sababli erib ulgurgan. Darhaqiqat, tog‘ va tog‘oldi hududlarda qish anchagina avval boshlanib, kuz o‘rtalaridayoq qishloqlar qorga burkanadi. Bunga Sarchashma qishlog‘i misol.
[gallery-20584]
Qishloq bilan tanishishni esa sayyor qabulda berilgan va’dalarning ijrosi qay darajada ta’minlanganini o‘rganishdan boshladik. Ko‘chama-ko‘cha yurar ekanmiz, qishloq aholisi bilan suhbatlashdik. Ta’kidlanishicha, qishloq aholisi uzoq yillar davomida elektr energiyasi ta’minoti bo‘yicha muammolarga duch kelib yashagan. Boisi eskirgan simyog‘ochlar, uzuq- yuluq simlardagi uzilishlar qorli, qirovli kunlarda odamlarni qiyin ahvolga solib turgan. Vaziyat o‘rganilganda 200 dona simyog‘ochga ehtiyoj borligi va qo‘shimcha transformatorlar zaruriyati kuzatilgan.
– Joriy yilning iyul oyida viloyat hokimi va sektorlar rahbarlari tomonidan tumanimizdagi olis Sarchashma qishlog‘ida o‘tkazilgan sayyor qabulda aholi tomonidan elektr ta’minotiga aloqador murojaatlarga bo‘lgan edi, – deydi Shahrisabz tuman elektr ta’minoti korxonasi boshlig‘i Yashnar Vasiyev. – Shunga asosan hududiy elektr tarmoqlari viloyat hududiy filiali tomonidan ushbu qishloqqa 200 dona temir- beton ustun berildi. Ikki dona yangi transformator punkti o‘rnatildi. 6 kilometr yangi sim kabellari tortildi. Qo‘lbola ustunlar to‘liq almashtirildi. Natijada 200 dan ortiq aholi xonadoni sifatli elektr ta’minoti bilan ta’minlandi va aholi ham bundan xursand.
Ko‘chalar bo‘ylab o‘rnatilgan yangi beton ustunlar va ularga tortilgan zamonaviy kabellar qo‘shimcha yangi transformatorlar orqali yangi xo‘jaliklarga alohida tortilgan. Qaysi bir qishloq odami bilan gaplashmaylik, minnatdorlik bildiradi.
– Qishlog‘imizda bo‘layotgan o‘zgarishlardan aholimiz mamnun, – deydi Bahriddin Norov. – Elektr bilan bog‘liq muammolarimiz yechim topdi. Quvvat pastligidan maishiy texnikalarni ishlata olmasdik. Qo‘lbola ustunlar, havo liniyalari almashtirildi. Ezgu islohotlar bizning olis tog‘ qishloqlarimizgacha yetib kelayotgani odamlarimizni quvontirmoqda. Bundan tashqari, yo‘llarimiz tekislandi. Hozir yog‘ingarchilik kunlarida ham bemalol pastga (tuman markaziga) tushib chiqyapmiz.
Eng katta muammomiz elektr energiyasi edi. Bu ham bartaraf etildi. Xonadonlarimiz nurga to‘ldi, deydi qishloq ahli mamnunlik bilan. Binobarin yangi tortilgan havo liniyalari endilikda ortiqcha yo‘qotishlarga olib kelmasdan aholining muntazam energiya bilan ta’minlanishiga xizmat qilmoqda. Muhimi esa, bugun rasmiylarning xalq muammolariga nisbatan mas’uliyati oshganidadir. Bu esa pirovard natijada olis tog‘larda ham odamlarning bugunidan rozi bo‘lib yashashiga zamin yaratmoqda.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA muxbirlari