Olis qishloqqa yosh shifokor ishga keldi
Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining Qalqama qishlog‘iga “Qishloq shifokori” dasturi asosida samarqandlik yosh shifokor Jo‘rabek Xalilov ishga keldi.
Uning ortidan malakali shifokorlar, uning ota-onasi ham ko‘chib keldi.
Jo‘rabek Samarqand viloyatining Pastdarg‘om tumanidan. 2021 yilda Samarqand tibbiyot institutini tamomladi. Tengdoshlari katta shaharlarni ko‘zlab turgan bir paytda u hech ikkilanmasdan Chiroqchiga kelib, ish so‘radi. Tuman tibbiyot birlashmasidagilar uni olis tog‘ qishlog‘idagi “Qalqama” oilaviy shifokor punktiga ishga yubordi.
Eng qizig‘i, Qalqamaga o‘g‘lidan xabar olgani kelgan Jo‘rabekning ota-onasi, tajribali shifokorlar Komil Aliyev va Iroda Jumayeva ham shu yerda qolib ishlash istagini bildirdi. Shu tariqa tog‘ qishlog‘ida uch nafar shifokor ish boshladi. Dastur asosida Jo‘rabekka 30 million so‘mlik rag‘bat puli to‘lab berildi, ijara uy bilan ta’minlandi.
Ta’kidlash lozimki, Prezidentning 2020 yil 12 noyabrdagi “Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatiga mutlaqo yangi mexanizmlarni joriy qilish va sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.
Mazkur farmonga asosan tibbiyot oliy ta’lim tashkilotini oxirgi 3 yil ichida tamomlagan va boshqa hududda yashovchi shifokorlar olis va chekka hududlarda joylashgan oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalariga ishga qabul qilinganda ularga kamida 3 yil ishlab berish sharti bilan 30 million so‘m miqdorida bir martalik pul mablag‘i, uy-joyi bo‘lmaganlarga esa 3 yil davomida xizmat uylari beriladi yoki bazaviy hisoblash miqdorining 2 baravari miqdorida har oylik ijara to‘lovlari davlat byudjetidan kompensatsiya qilinadi.
Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmatining ma’lum qilishicha, ayni paytgacha Qashqadaryoda “Qishloq shifokori” dasturi asosida olis hududda 12 nafar shifokor ish boshlagan.
O‘lmas Barotov, O‘zA