Olis qishloqdagi maktablarda o‘qituvchilar yetarlimi?
Buxoro viloyatining chekka hududlaridagi umumta’lim maktablarida pedagog kadrlar tanqisligi muammosi mavjud.
Aniq misollarga tayanib aytadigan bo‘lsak, Romitan tumanidagi 38-, 39-umumiy o‘rta ta’lim maktablarida ingliz tili, rus tili fanlari, Peshku tumanidagi 25-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ingliz tili, Shofirkon tumanidagi 39-umumiy o‘rta ta’lim maktabida ingliz tili, tarix, G‘ijduvon tumanidagi 38-umumiy o‘rta ta’lim maktabida kimyo-biologiya fani pedagog kadrlariga ehtiyoj bor.
Mavjud ehtiyojlarni qoplash, chekka hududlarda istiqomat qilayotgan farzandlarimizning ham sifatli ta’lim olishi, jamiyatda o‘z o‘rniga ega inson bo‘lishi uchun mustahkam zamin yaratishda bizga tashabbuskor va fidoyi o‘qituvchilarning ko‘magi kerak. Viloyat xalq ta’limi boshqarmasi ana shunday ezgu yo‘lda fidoyilik ko‘rsatish istagida bo‘lgan ko‘ngilli ustozlarni hamkorlikka chorlamoqda.
–Bugun mamlakatimizda yosh avlodning har tomonlama chuqur bilim olishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilgan, – deydi Buxoro viloyati xalq ta’limi boshqarmasi kadrlar bo‘limi boshlig‘i Shohida Barotova. – Olis hududlarda yashovchi farzandlarimiz ham bu g‘amxo‘rlik va e’tibordan chetda qolmayapti. Davlatimiz rahbarining joriy yil 11 yanvardagi “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qarori ham xalq ta’limi tizimi xodimlariga o‘zgacha shijoat bag‘ishladi. Aytish joizki, mazkur qarorning qabul qilinishi anchadan buyon tizim xodimlarini qiynab kelayotgan kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj va ta’lim sifati past bo‘lgan chekka hududlardagi maktablarni malakali pedagoglar bilan ta’minlash muammolarini bartaraf etishda muhim yechim bo‘ldi.

Qarorga muvofiq, olis va chekka hududlardagi byudjet tashkilotlarida boshqa hududlardan kelib faoliyat yuritayotgan oliy ma’lumotli mutaxassislar mehnatini yanada rag‘batlantirish, bo‘sh ish o‘rinlarini to‘ldirish hamda joylarda malakali kadrlarning mehnat faoliyati va ijtimoiy himoyasi uchun munosib sharoit yaratish maqsadida 2021 yil 1 yanvardan olis va chekka hududlarda quyidagi imtiyozlar berildi. Byudjet tashkilotlariga ishga qabul qilingan oliy ma’lumotli mutaxassislarga BHM ning 50 baravari miqdorida bir martalik boshlang‘ich yordam puli va uy-joylarni ijaraga olganlik uchun BHMning 2 baravari miqdorida har oylik pul kompensasiya to‘lanadi. Ya’ni, agar o‘qituvchi bir viloyat hududida tumandan boshqa tumanga borib dars bersa 50 foizgacha, viloyatdan viloyatga borib dars beradigan bo‘lsa, 100 foizgacha ustama haq to‘lanishi belgilandi.
Zarif Komilov, O‘zA