Navoiy viloyatining cho‘l hududlaridagi aholi punktlariga tabiiy gaz yetib bormagan. Shu boisdan u yerlarda istiqomat qiluvchi aholiga hududlardagi tumangaz gaz ta’minoti bo‘limlari tomonidan maishiy gaz ballonlarida suyultirilgan gaz yetkazib beriladi.

Tomdi tumani viloyat markazidan 250 km olisda joylashgan bo‘lib, uning bir qator ovullari esa qariyb 500-600 km uzoqlikda joylashgan. Bugungi kunda tumanda 2367 nafar suyultirilgan gaz iste’molchilari mavjud. Olis hududlardagi iste’molchilarga o‘z vaqtida maishiy gaz ballonlari yetkazib berish oson ish emas. Ammo qishning qirovli va sovuq kunlariga qaramay gaz idorasi xodimlari belgilangan reja-jadval asosida eng olis ovullarga ham xizmat ko‘rsatmoqda. 

Shiyeli ovuli tuman markazidan 180 kilometr uzoqlikda joylashgan. Qorli kunlarda ovulga borish bir qator qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.

 – Mazkur ovulda 280 nafar iste’molchimiz bor, – deydi tumangaz ta’minoti suyultirilgan gaz xizmati boshlig‘i Rustam Ro‘ziyev. – Qorli kunlarda ovuldagi iste’molchilarga ikki kun davomida maishiy gaz ballonlar yetkazib berildi.

– Ovulda oilam bilan yashayman, – deydi iste’molchilardan biri Aytjan Sagatov. – Gazchilarga rahmat, sovuqni sovuq, issiqni issiq demay o‘z vaqtida maishiy gaz ballonlarni yetkazib turibdi. Hayotimiz yaxshi, tinch, shukr. Suyultirilgan gazdan muammomiz yo‘q.

Birgina joriy yilning fevral oyida tomdiliklarga qariyb 33,3 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan. Hozirga qadar esa 15 tonnaga yaqin suyultirilgan gaz yetkazildi. 

Uchquduq tumanida esa suyultirilgan gaz iste’molchilari soni 2956 nafarni tashkil etadi. Tumangaz gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan o‘nta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlariga maishiy gaz ballonlar yetkazib beriladi.

Altintov ovuli Uchquduq tumanining cho‘l hududida joylashgan ovullardan biri. Bu yerda turli millat vakillari istiqomat qiladi. Ovul fuqarolar yig‘inida 134 ta iste’molchi bor.

Shu kunlarda Uchquduq tumani hududi qalin qor bilan qoplangan. Tumangaz gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari esa havoning sovuq kunlariga qaramasdan iste’molchilarga maishiy gaz ballonlari yetkazib bermoqda. 

 – Gazchilarga rahmat. Maishiy gaz ballonni uyimgacha o‘zlari olib kelib beradi, – deydi Miyagul Shamshiyeva. – Kunlar sovuq bo‘lishiga qaramasdan uyimiz issiq. Ovqat tayyorlash, choy qaynatish uchun hamma sharoitimiz bor. Har qanday ob-havoda ham gaz ballon kechiktirilmay, o‘z vaqtida yetkazilayotganidan xursandmiz.

Hududlardagi gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari tomonidan olis ovullarga maishiy gaz ballonlarida suyultirilgan gaz yetkazib berish ishlari davom etmoqda.

A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Olis ovullar aholisiga suyultirilgan gaz o‘z vaqtida yetkazib berilmoqda