Olis osmonlarga qoʻl choʻzdim, qarang...
Mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qilayotgan shoir-yozuvchilar va isteʼdodli yosh qalamkashlarning turli ijod namunalari eʼlon qilib borilatgan ushbu loyihaning bugungi mehmoni Qashqadaryo viloyati ijodkorlaridir.
Yozuvchilar uyushmasi viloyat boʻlimi tavsiyasi bilan
Mamlakatimizning turli hududlarida istiqomat qilayotgan shoir-yozuvchilar va isteʼdodli yosh qalamkashlarning turli ijod namunalari eʼlon qilib borilatgan ushbu loyihaning bugungi mehmoni Qashqadaryo viloyati ijodkorlaridir.
Qashqadaryo vohasidan yetishib chiqqan shoir-yozuvchilar hamisha oʻz ijod namunalari bilan alohida eʼtirof va hurmatga sazovor boʻlgan. Bugungi kunda poytaxtimizda yashab, ijod qilayotgan Nazar Eshonqul, Luqmon Boʻrixon, Ikrom Otamurod, Normurod Norqobilov, Zebo Mirzo, Shodiqul Hamroyev, Sirojiddin Rauf, Neʼmat Arslon, Xolmuhammad Hasan kabi ijodkorlar faoliyati bunga yaqqol misol.
Viloyatda badiiy ijod anʼanalarini davom ettirayotgan qalamkashlar mehnati ham eʼtirofga molik. Jumladan, Oʻroz Haydar, Abdunabi Abdiyev, Salomat Ashurova, Jumaqul Qurbon, Bahodir Abdurazzoq, Zuhra Ochilova, Nilufar Umarova, Momohol Elmurodova, Rustam Ochil, Gʻulom Egamshukur, Lola Oʻroqova singari ijodkorlar ham samarali qalam tebratmoqda.
***
Lola Oʻroqova 1958-yil Kitob tumanida tugʻilgan. 1979-yilda Oʻzbekiston Milliy universitetining filologiya fakultetini bitirgan. 1980-1983-yillarda Shahrisabz tumanidagi “Kesh” gazetasida, 1983-1996-yillarda Kitob tumanidagi “Kitob tongi” gazetasida ishlagan. U 1996-yildan 2007-yilga qadar Kitob tumani hokimi oʻrinbosari, xotin-qizlar qoʻmitasi raisi vazifasida faoliyat koʻrsatgan. Ayni paytda Kitob tumani hokimligi yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy maʼrifiy ishlar majmuasida ishlaydi. Oʻzbekiston Jurnalistlar va Yozuvchilar uyushmalari aʼzosi.
Lola Oʻroqovaning oʻnga yaqin kitoblari chop etilgan. Uning ijodida nasr yetakchi oʻrinda turadi. “Hassaga tayangan bir kun”, “Ikki dunyo oraligʻi”, “Narigi dunyo”, “Koʻzgu” nomli kitoblari chop etilgan.
Qatralar
XURMO
Onasi yangi uy qurib chiqqan oʻgʻliga, bolalaring bilan yeysan, deb bir chelak xurmo ilindi. Bu iltifot hovlidagi kelinga yoqmadi, xaridor hisobini olib ketgan, ertaga uzishga keladi, deb qiyomat qildi. Oʻgʻil chelakni tashlab ketdi...
Ittifoqo shu kech havo keskin sovib, kuchli qor yogʻdi. Qahrlangan tabiat daraxt shoxlarida oltinday osilib yotgan sap-sariq xurmolarni muzlatib, qoraytirib tashladi. Bir kun avval uzilgan bir chelak xurmogina omon qoldi...
Tong sahardan Uka chelakdagi xurmoni koʻtarib akasinikiga bordi. Aka qabul qilmadi va... Bahorda hovlisini toʻldirib xurmo ekdi...
PAST
Oydan turib ham yerni koʻrsa boʻlar, ammo balandlashgan sayin ranglar, jilolar xiralashib boraveradi va yer oddiygina sharga aylanib qoladi.
Oyoq yerning ustida tursagina undagi har bir giyoh, har bir gulning iforini ham, tikanini ham tuysa boʻladi.
KENJA KELIN
U kenja kelin edi. Bir ovsin u yon ketdi, bir ovsin bu yon. Uni kelin boʻlib tushgan hovlisiga mixlab, mixga boylab ketishdi. Qimirlay olmaydi. Qimirlasa ham harakati ipning uzunligidan nariga oʻtmaydi.
Eng yomoni, ogʻzini ham boylab ketishdi, keksa chol-kampirning cheki menga tushganmi, deyishi bilan dangʻillama hovlisi senga tekkanidan keyin cheki ham seniki-da, deydi oʻnlab ogʻiz bir paytning oʻzida.
U qaynota-qaynonaning xizmatini qildi, ammo iddao bilan, taʼna-yu zarda bilan ranjitib, yuraklarini ogʻritib.
Chol-kampir ham oʻtib ketishdi.
Shu tarzda kelin umrining u bekatidan bu bekatiga qanday borib qolganini oʻziyam sezmay qoldi. Uch oʻgʻliga uch kelin qildi va kenjasi bilan qoldi.
Qiziq, qaynona-kelinning tuprogʻini bir joydan olgan ekan, kelini xuddi oʻziga oʻxshadi...
***
Nargiza Usmonova 1996-yil 28-martda Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida tugʻilgan. U 2014-yil “Yilning eng faol maʼnaviyat targʻibotchisi” koʻrik-tanlovining mamlakat bosqichi gʻolibasi.
Hozirda Qarshi Davlat universitetining Xorijiy tillar fakulteti ingliz tili va adabiyoti yoʻnalishi 3 bosqich talabasi. Yosh va umidli shoira yaqinda oʻtkazilgan yosh qalamkashlarning Zomin seminarida ham faol qatnashdi.
ONAMDEK
Kim oʻylaydi meni Onamdek,
Tashvishimni kecha-yu kunduz?
Dardlarimga qoʻymoq istar chek,
Goh tunlari sanasam yulduz...
Kim suyadi meni Onamdek,
Yigʻlatsam ham, xafa qilsam ham?
Hattoki men chekkan gʻamlarning
Onasidir Onam chekkan gʻam!
Eh, Onam-a, bir ajib zot-a,
To oʻlguncha deydi-ya bolam.
U sabab men yorugʻ dunyoda,
Menmas, mening bagʻrimda olam!!!
TAQDIR
Nega, kuychi boʻlib yaraldim,
Shoirlikning qismati ogʻir.
Undan koʻra boʻlmasmidi ayt,
Meni qilib yaratsang YOMGʻIR?
Yaproqlarning yuzini shunda,
Gʻuborlardan yuvib yashardim.
Bir kun toʻxtar boʻlsam yogʻishdan,
Ildizlarga inib yashardim...
Nega, oʻychi boʻlib yaraldim,
Xayol ufqdan olisroq, ana!
Meni shunday yaratgan Robbim,
Sizda esa ayb yoʻqdir, ONA!
Tegirmonda ezilgandek jon,
Taqdirimni koʻrmagandim tush.
Odam qilib tinglamasang bir,
Nechun meni yaratmading QUSH?
Ogʻriyapti nedir koʻksimda,
Peshonadek u doim haqdir.
Shu ogʻriqni sezmoqlik uchun,
Shoir qilib yaratdi TAQDIR!
OLIS OSMON
Oʻylashga arzirli nima gʻamim bor?
Siqilsam, gaplardan siqildim, Ona!
Yiqilsam, majnuni gumrohlarningmas,
Sizning poyingizga yiqildim, Ona!
Olis osmonlarga qoʻl choʻzdim, qarang,
Garchi dastim yetmas uning oyiga.
Botirib olaman qalamim tunning
Qop-qora siyohlar tomgan joyiga!
Axir, bandasining qilgani xato,
Oynadek yoʻllarda qoqildim, Ona!
Koʻngil qoʻydi demang shon-shuhratiga,
Men oʻz yuragimga sotildim, Ona!
Loyihaning ushbu sonini
Oʻlmas Barotov tayyorladi