Olis hududlar aholisiga qulayliklar yaratilmoqda
Bugun olis qishloqlarda istiqomat qilayotgan aholi ham davlat xizmatlaridan bahramand bo‘lmoqda. Aholining markazga kelishini kutmay, chekka va olis hududlarda sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatilayotgani bunga yaqqol misoldir.
Boyovut tumanidagi “Istiqlol” va “Markaz” mahalla fuqarolar yig‘inlari aholisi davlat xizmatlaridan foydalanish uchun 25-30 chaqirim masofa bosib, tuman markaziga borishlariga to‘g‘ri keladi. Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan qishloq aholisining uzog‘ini yaqin qilish maqsadida sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatildi. 81 yoshli Malohat momo ham sayyor davlat xizmatlaridan foydalandi. Respublikamizdagi sihatgohlardan birida davolanish va salomatligini tiklash uchun onlayn navbatga qo‘yildi. Shu kuni fuqarolar bir qator yo‘nalishlar, jumladan, suv ta’minoti bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish uchun ariza berish, elektr tarmoqlariga ulanish uchun texnik shartlarni olish bo‘yicha davlat xizmatlaridan foydalandi.
Shuningdek, fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlari to‘g‘risida ham keng qamrovli huquqiy maslahatlar berildi. Aytish joizki, davlat xizmatlari markazi tomonidan aholiga sayyor xizmat ko‘rsatish uchun maxsus jihozlangan avtobus yordamida olis hududlarga chiqish amaliyoti aholining ovoragarchiliklariga chek qo‘yadi.





Sh.Suyarov, O‘zA