Olis hududlar aholisi davlat xizmatlaridan mamnun
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 10 may kuni davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi islohotlar natijadorligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan taqdimotda «Davlat idoralarining xalqimizga xizmati odamlarni rozi qilishning asoslaridan biri. Qaysi qishloqda, mahallada qaysi xizmatga ehtiyoj borligiga qarab, shunga sharoit yaratish kerak», deya ta’kidlagan edi.
bugungi kunda Davlat xizmatlari agentligi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi tomonidan ham aholiga qulaylik yaratish, og‘irini yengil, uzog‘ini yaqin qilish maqsadida viloyatning olis hududlarida hududiy davlat xizmatlari ko‘rsatish markazlarining 21 ta filiali tashkil etildi. Natijada, chekka hududlarda yashaydigan fuqarolarning bitta hujjat uchun ham 60-70 chaqirim masofadan markazga kelib, vaqt va mablag‘ yo‘qotishlarining oldi olinmoqda.
– Joriy yil shu kunga qadar hududiy DXMlar qoshida tashkil etilgan filiallar tomonidan 19 ming 629 ta xizmat ko‘rsatilgani ushbu filiallarning ish samaradorligi nihoyatda yuqori ekanligini anglatadi, – deydi Davlat xizmatlari agentligi Qashqadaryo viloyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Sanjar Cho‘liyev. – Misol uchun, birgina Nishon tumanining Talimarjon shaharchasida joylashgan DXM filiali hudud aholisiga 3 ming 380 ta xizmat ko‘rsatgan. Talimarjon shaharchasi va Nishon tumani markazi orasidagi masofani tasavvur qilsangiz, birgina filialning aholiga qancha qulaylik tug‘dirayotganini tasavvur etish qiyin bo‘lmaydi.

Ayni vaqtda Davlat xizmatlari agentligi Qashqadaryo viloyati boshqarmasi tomonidan olis hududlar aholisiga davlat xizmatlari ko‘rsatishda qulayliklarni oshirish maqsadida yana bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Uzoq qishloq va ovullarda yashaydigan aholi har doim tuman markaziga kelib davlat xizmatlaridan foydalanishga vaqti va imkoni bo‘lmaydi. Yoki davlat xizmatlari sohasiga oid muammo va takliflarini bildirishga vaqt topa olmaydi. Ana shunday pallalarda esa mobil avtobus bunday fuqarolarning uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilishga ko‘maklashadi. Shuningdek, elektron xizmatlardan foydalanish bo‘yicha aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga yo‘l-yo‘riqlar ko‘rsatish orqali ularning vaqti va naqdini tejalishiga xizmat qiladi.
Sayyor xizmatlarning navbatdagisi Chiroqchi tuman markazidan 37 kilometr uzoqlikda joylashgan Besh chashma MFYda tashkil etildi.
Markaz xodimlari tomonidan sayyor xizmat jarayonlarida elektr energiyaga ulanish 8 ta, kadastr pasportini shakllantirish 6 ta, yoshga doir nafaqa tayinlash 11 ta hamda ko‘chmas mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish kabi masalalar o‘zining ijobiy yechimini topdi.
Markaz xodimlari haftada bir marta bo‘ladigan «Uyshun» dehqon bozorlarida ham bo‘lib, fuqarolarga tegishli huquqiy maslahatlar berilib, davlat xizmatlari turlari, ulardan foydalanish tartibi, davlat xizmatlarini onlayn tarzda olish yuzasidan tushuntirishlar berilib, bu orqali aholi o‘rasida elektron davlat xizmatlaridan foydalanuvchilar sonini oshirish targ‘ib qilindi.
O‘lmas Barotov, O‘zA