Olis hududda tibbiy ko‘rik tashkil etildi
Xalq deputatlari Navoiy viloyat Kengashi deputati Mahfuza Hamrayeva va O‘zLiDeP viloyat kengashi “Ayollar qanoti” tomonidan viloyatning olis hududlaridan biri Tomdi tumanida “Sog‘lom oila – mustahkam oila” loyihasi doirasida tibbiy ko‘rik tashkil etildi.
Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Navoiy viloyat filialining akusher-ginekologlari, skrining bo‘yicha UTT mutaxassislari tomonidan homilador va tug‘ish yoshidagi 200 nafarga yaqin ayol tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Tibbiy ko‘rik davomida homilador ayollar bilan suhbatlar o‘tkazilib, salomatligida nuqsoni bor xotin-qizlarga mutaxassislar tomonidan maslahat va tavsiyalar berildi. Skrining bo‘yicha UTT mutaxassisi tomonidan perenatal tashxis xonasi faoliyati o‘rganilib, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan amaliy yordam ko‘rsatildi.

Shuningdek, birlamchi bo‘g‘inda patronaj doyalarining vazifalari bo‘yicha seminar tashkil etilib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-sentyabrdagi “Onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati tushuntirildi.
Seminar davomida mutaxassislar va mahalliy patronaj doyalar o‘zaro tajriba almashishdi hamda ular sohaga oid so‘nggi yangiliklar bilan tanishtirildi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri