Olis hududda qo‘shma korxona tashkil etildi
Qizilqum kengliklari bag‘rida joylashgan Uchquduq tumani o‘zining yer osti boyliklari hamda tabiiy-iqlim sharoiti bilan alohida ajralib turadi. Hududdagi mavjud yer osti boyliklar xorijiy sarmoyadorlarning ham e’tiborini tortmoqda. Bu esa hamkorlikdagi yirik loyihalarni amalga oshirishga zamin hozirlamoqda.
Shu kunga qadar tumanda xorijiy investorlar bilan hamkorlikda faoliyat yuritadigan qo‘shma korxonalar soni 5 ta bo‘lsa, yaqinda ularning soni yana bittaga ko‘paydi. “Orascom Investment Holding” (Misr) kompaniyasi bilan “Copper Mining” MCHJ hamkorlikdagi qo‘shma korxonaga asos solindi. Ushbu loyiha doirasida qariyb 20 million AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiya kiritilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, 2024-2026 yillarda “Shimoliy Bukantau” maydonida geologiya-qidiruv ishlari olib boriladi. Tuman markazidan 100 km uzoqlikda joylashgan “Qaramurun”, “Orazali”, “Qarabulaq” va boshqa yaqin uchastkalarda rejaga asosan ishlar amalga oshirishi rejalashtirilgan.

Korxonaning ochilishida tuman hokimi U.Yelmuratov, investorlar va “Qulquduq” ovuli faollari ishtirok etdi.
– Ushbu loyiha asosida “Qaramurun” va “Orazali” uchastkalarining prognoz resurs ko‘rsatkichlari, 722 ming tonna mis, 7,2 tonna oltin va 90 ming tonna molibden zaxirani tashkil etishi aniqlangan, – deydi “Copper Mining” MCHJ rahbari Ilyos Azamov. – Keyinchalik loyihaning texnik-iqtisodiy asosida aniqlanadigan zaxiralarini o‘zlashtirishga 300 million AQSH dollaridan ortiq investitsiya mablag‘lari jalb etilishi ko‘zda tutilgan. Muhimi 200 dan ortiq yangi ish o‘rni yaratiladi.

Ahamiyatlisi, endilikda ovulning ishsiz fuqarolari ushbu yangi korxonaga ishga joylashtiriladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri