Olis hudud aholisi tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi
Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda Chiroqchi tuman tibbiyot birlashmasi tomonidan tumanning chekka hududi hisoblangan Umakay mahallasida «Obod qishloq» Davlat dasturi doirasida chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Ayni paytda mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 7 ta qishloqda 6 ming 348 nafar aholi istiqomat qiladi. Xonadonlar soni 1 ming 167, oilalar soni 1 ming 289 tani tashkil etadi. Tadbirda viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi mobil poliklinikasi (maxsus jihozlangan ko‘chma avtobus) hamda mobil oftolmologik klinika imkoniyatlaridan ham samarali foydalanilmoqda. Hudud qishloqlari tarqoq joylashganligi e’tiborga olinib, ularga qulaylik yaratish maqsadida 3 ta maktab binosidagi tibbiyot xonalarida tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

– Viloyat va tuman markazidan kelgan malakali tor soha mutaxassislari tomonidan ayni paytgacha umakaylik jami 4 mingdan ortiq fuqaro tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, ularga tegishli tavsiyalar, zaruratga qarab dori-darmon berildi, – deydi tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Odiljon Shaymanov. – Tezkor davolanishga tibbiy ko‘rsatmasi bo‘lganlarni darhol shifoxonaga yotqizish choralari ko‘rilmoqda. Tegishli imtiyozga ega bo‘lgan bemorlar respublika, viloyat markazlaridagi shifoxonalarda imtiyozli davolanishlari uchun elektron bazaga kiritilib, navbatga qo‘yilmoqda.

Qashqadaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi axborot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, tibbiy ko‘rik doirasida mahalladagi nogironligi bor fuqarolar uyma-uy yurish orqali ko‘rikdan o‘tkazilmoqda. Shuningdek, aholi o‘rtasida koronavirusga qarshi emlash, jismoniy faollik, sog‘lom turmush tarzi hamda sanitariya-gigiyena madaniyatiga oid ta’sirchan targ‘ibot ishlari ham tashkil etilmoqda.
O‘lmas Barotov, O‘zA.