Olimpiyachilarimizning raqiblari ma’lum
Qatar poytaxti Doha shahrida futbol bo‘yicha yigirma uch yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati finaliga qur’a tashlandi.
Qatar poytaxti Doha shahrida futbol bo‘yicha yigirma uch yoshgacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo chempionati finaliga qur’a tashlandi.Unda qit’aning eng kuchli o‘n olti terma jamoasi sovrinli o‘rinlar bilan birga kelasi yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmalari uchun bahslashadi.
Qur’a natijasiga ko‘ra, O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi “C” guruhida Iroq, Janubiy Koreya va Yaman terma jamoalari bilan kuch sinashadi.
Musobaqaning “A” guruhida Qatar, Suriya, Eron va Xitoy terma jamoalari o‘rin olgan bo‘lsa, “B” guruhida Saudiya Arabistoni, Yaponiya, KXDR va Tailand terma jamoalari o‘zaro bahslashadi. “D” guruhida esa Iordaniya, Avstraliya, BAA va Vetnam terma jamoalari joy olgan.
Osiyo chempionatining final bosqichi 2016-yilning 12-30-yanvar kunlari Doha shahrida bo‘lib o‘tadi. Chempionatda sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritgan uchta terma jamoaga XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmalari beriladi.