“Olimpiya umidlari” musobaqasi
Namanganda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida 1998-1999-yillarda tug‘ilgan qizlar o‘rtasida gandbol bo‘yicha “Olimpiya umidlari” respublika musobaqasi bo‘lib o‘tdi.
Namanganda “Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi ijrosi doirasida 1998-1999-yillarda tug‘ilgan qizlar o‘rtasida gandbol bo‘yicha “Olimpiya umidlari” respublika musobaqasi bo‘lib o‘tdi.O‘zbekiston Respublikasi Xotin-qizlar qo‘mitasi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Namangan viloyati hokimligi hamkorligida tashkil etilgan musobaqaning ochilish marosimida Prezidentimiz rahnamoligida sog‘lom avlodni tarbiyalash, xotin-qizlar salomatligini muhofaza qilish, ularning ijtimoiy faolligini yanada yuksaltirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotgani ta’kidlandi.
– Bunda, ayniqsa, xotin-qizlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, ularni sportga jalb etish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishi uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda, – deydi Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Hilola Yusupova. – Viloyatdagi uch yarim mingga yaqin sport inshootida 250 mingdan ziyod xotin-qiz sportning ko‘plab turlari bilan shug‘ullanmoqda.
Musobaqalarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan 14 jamoa to‘rt guruhga bo‘lingan holda o‘zaro bahslashdi.
Musobaqa finalida Namangan viloyati terma jamoasi andijonlik gandbolchi qizlarni 36:34 hisobida mag‘lubiyatga uchratib, birinchi o‘rinni egalladi. Andijonliklar ikkinchi, Sirdaryo viloyati terma jamoasi uchinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi.