“Olimpiya shaharchasi”dan samarali foydalanish masalasi muhokama qilindi
Poytaxtimizda qariyb 100 gektar maydonda barpo etilib, faoliyatini boshlagan “Olimpiya shaharchasi” qisqa fursatda yirik sport tadbirlari, anjumanlar, musobaqalar markaziga aylandi.
O‘tgan davr mobaynida sport tashkilotlari, federatsiya va assotsiatsiyalar, ta’lim muassasalarini qamrab olgan “Olimpiya shaharchasi”da bir nechta xalqaro tadbirlar, 50 dan ziyod mamlakat miqyosidagi chempionat va birinchiliklar, yuzga yaqin o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, ommaviy tadbirlar tashkil etildi.

Bugungi kunda xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati ramziga aylangan zamonaviy majmuaga tashqi investorlarni jalb qilish, sport ob’ektlari faoliyatini tijoratlashtirish va davlat-xususiy sheriklik borasidagi ishlarda samaradorlikka erishish muhim vazifa sanaladi.
Sport vazirligida “Olimpiya shaharchasi”ning imkoniyatlaridan keng foydalanishga bag‘ishlangan taqdimot yig‘ilishida shu haqda so‘z bordi.
Unda ishtirok etgan Sport vaziri Adham Ikromov “Olimpiya shaharchasi”dan samarali foydalanish, sport ob’ektlarini boshqarish va samaradorligini oshirish, xususiy sektorni jalb etish hamda investitsiya loyihalarini amalga oshirish mamlakatimiz sportining yuksalishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi bilan ahamiyatli ekanligini ta’kidladi.

Muhokamalar davomida sport ob’ektlarining asosiy funksional vazifasini saqlab qolgan holda, ularni yil davomida samarali ishlatish, turli musobaqalar, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, ommaviy tadbirlar va xalqaro anjumanlarni o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, sport ob’ektlari faoliyatini tijoratlashtirish, mavjud infratuzilmadan qo‘shimcha xizmatlar va dasturlar orqali samarali foydalanish, davlat-xususiy sheriklik asosida istiqboldagi loyihalarni kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
T. Ro‘ziyev, O‘zA