Xalqaro olimpiya qo‘mitasi rasmiy sayti shu haqda xabar tarqatdi. Xabarda aytilishicha, 2024 yili Fransiyaning Parij shahrida o‘tadigan yozgi olimpiya o‘yinlarining ochilish marosimi tashkiliy qo‘mita va Fransiya hukumati kelishuviga binoan Sena daryosi bo‘ylab tashkil etilishi belgilanmoqda.
Parij-2024 o‘yinlarining tantanali ochilish marosimida ishtirokchi davlatlar maxsus qayiqlarda shaharning diqqatga sazovor joylaridan o‘tishadi. Umumiy masofa 6 kilometrni tashkil etadi. Marosimni 600 ming tomoshabin bevosita sohil bo‘ylarida kuzatib borishi uchun shart-sharoitlar yaratiladi.
Mutaxassislarning fikricha, Parij-2024 marosimining shu tartibda o‘tkazilishi olimpiada tarixidagi o‘ziga xos voqealikdir.
Bu, hozircha reja. Rejaning to‘liq hayotga tatbiq etilishini esa vaqt ko‘rsatadi. Eslatib o‘tamiz, XXXIII yozgi olimpiya o‘yinlari 2024 yilning 26 iyul-11 avgust kunlari o‘tkaziladi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA