“Olimpik”ning Parij-2024 yo‘lidagi muhim qadami
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston superligasi bahslari ham yakunlanib, g‘olib va sovrindorlar, qolaversa ligani tark etgan jamoalar nomi ma’lum bo‘lib ulgurgan edi.
Bu yil ham “Paxtakor” chempionlikni munosib himoya qildi. Kumush medalni ilk bor Jizzaxning “So‘g‘diyona” jamoasi qo‘lga kiritgan bo‘lsa, AGMK bronza medali bilan kifoyalandi.
Superligada debyut mavsumini o‘tkazgan xususiy klub – “Turon” (Yaypan) hamda “Andijon” futbol klublari esa kelgusi mavsum Pro-ligada to‘p suradi.
Ularning o‘rnini Pro-liga g‘oliblari - Farg‘onaning “Neftchi” va Samarqandning “Dinamo” jamoalari to‘ldirdi.
Kecha, 2 dekabr kuni O‘zbekiston Superligasi-2022ning eng so‘nggi ishtirokchisi nomi ham ma’lum bo‘ldi.
“Paxtakor” stadionida o‘tgan o‘tish o‘yinida Superligada 12-o‘rinni egallagan Muborakning “Mash’al” hamda Pro-ligada bronza medalini qo‘lga kiritgan Toshkentning “Olimpik” jamoalari o‘zaro kuch sinashdi.
Ta’kidlash kerak, o‘tgan yili futbolchilarimiz Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasidan quruq qolishgach, Turizm va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi hamda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati o‘zaro kelishgan holda Parij-2024ga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida olimpiya terma jamoasi a’zolaridan iborat yangi klub tuzish va ularni Pro-liga musobaqalarida toblab borishni maqsad qilgan edi.
E’tiborlisi, joriy yilda shakllantirilgan va Pro-ligada ilk mavsumini o‘tkazgan klub yakunda kuchlilar orasida 3-o‘rinni egalladi. O‘tish o‘yinida esa Temur Kapadze shogirdlari avvaliga o‘z darvozasidan gol o‘tkazib yuborgan bo‘lsa-da, yakunda muborakliklar darvozasini uch marta ishg‘ol etib, Superliga yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
Umid qilamizki, Superligada ham olimpiyachilarimiz yo‘qolib qolmaydi va yakunda futbol bo‘yicha xalqimiz uzoq kutgan Olimpiada yo‘llanmasini taqdim etadi. Bu yo‘lda ularga omad tilaymiz.
O. Eshmamatov,
Turizm va sport vazirligi matbuot xizmati.