Olimpiadaga yo‘llanma oldi
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning Guliston filialining 10-sinf o‘quvchisi Azizbek Mamajonov "BMO–2026" — Balkan matematika olimpiadasida ishtirok etish uchun saralab olindi.
Mazkur nufuzli musobaqaga yo‘llanma mamlakat miqyosida bir necha bosqichda tashkil etilgan saralash imtihonlari natijalariga ko‘ra taqdim etildi. Saralash jarayonlari yakunida O‘zbekiston bo‘yicha eng kuchli 6 nafar o‘quvchi tanlab olindi va ular safidan Azizbek ham munosib o‘rin egallashga muvafffaq bo‘ldi.
Qayd etish joizki, Balkan matematika olimpiadasi iqtidorli yosh matematiklar o‘rtasida o‘tkaziladigan yirik va nufuzli xalqaro intellektual musobaqalardan biri hisoblanadi. Unda turli davlatlardan saralangan eng bilimdon o‘quvchilar ishtirok etib, murakkab nazariy va amaliy masalalar yechimi bo‘yicha bellashishadi.
– Bu men uchun katta sharaf va mas’uliyat. Ushbu natijaga erishishimda ustozlarimning maslahati, ota-onamning qo‘llab-quvvatlashi va tinmay mehnat qilishim muhim ahamiyat kasb etdi. Xalqaro olimpiadada munosib ishtirok etib, vatanimiz sharafini munosib himoya qilishga harakat qilaman, – dedi Azizbek Mamajonov.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu olimpiada joriy yilda Yevropa qit’asidagi Gretsiya davlatida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Unda ishtirok etuvchi yoshlar nafaqat o‘z bilim va iqtidorini namoyon etadi, balki mamlakat sharafini xalqaro maydonda himoya qiladi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 1-martda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti hamda Hukumat tomonidan tasdiqlangan xalqaro fan olimpiadalari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida” qaroriga muvofiq, Balkan matematika olimpiadasi mamlakat hukumati tomonidan rasman tan olingan xalqaro fan olimpiadalari ro‘yxatiga kiritilgan.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri