"Los-Anjeles-2028" Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan suzish sport turlari dasturidagi medallar soni eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘ldi.
Xalqaro olimpiya qo‘mitasi Ijroiya kengashi Xalqaro suv sport turlari federatsiyasining taklifiga ko‘ra, Olimpiya o‘yinlari uchun tarixiy bosqich bo‘lgan erkaklar va ayollar uchun 50 metrga chalqancha suzish, brass va batterflyay musobaqalarini qo‘shishni rasman ma’qulladi.
Olimpiada tarixida birinchi marta suzish bo‘yicha 41 ta medallar jamlanmasi o‘rin olgan bo‘lsa, "Parij-2024" va "Tokio-2020"da 35 ta medallar jamlanmasi uchun bahslar bo‘lib o‘tgandi. "Los-Anjeles-2028"da suv sport turlarining yangi yo‘nalishlari qo‘shilishi natijasida 55 ta medallar jamlanmasi o‘ynalishi tasdiqlandi.

Xalqaro suv sport turlari federatsiyasi prezidenti Husayn al-Musallam Xalqaro olimpiya qo‘mitasining ushbu qarorini olqishlab, XXXIV yozgi Olimpiya o‘yinlari suv sport turlarining inqilobiy yuksalish davri bo‘lishini, bu o‘zgarishlar to‘rt yillik o‘yinlarning ishtirokchilari qatoridan o‘rin olishga da’vogar milliy terma jamoalar soni yana 12 taga oshishidan dalolat ekanligini ta’kidladi.
Darhaqiqat, yana uch yildan keyin okean orti mamlakatida tashkil etiladigan yozgi Olimpiya o‘yinlarida suv sport turlari dasturiga oltita yo‘nalishning qo‘shilishi boshqa mamlakatlar qatori O‘zbekiston suzish federatsiyasi vakillari uchun ham katta imkoniyatlar eshigini ochishi bilan ahamiyatlidir.
Joriy yilning mart oyida O‘zbekiston suzish federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov yig‘ilishida Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarni qo‘lga kiritish borasida, munosib natijalarga erishish, mahoratli sportchilar safini kengaytirish borasida murabbiy va mutaxassislar oldiga aniq vazifalar belgilangandi.
Shu jihatdan, "Los-Anjeles-2028"da suv sport turlari dasturining kengayishi yurtimiz suv sport turlari vakillariga ham yangicha ruhiyat bag‘ishlaydi, degan umiddamiz.
O‘tgan yili "Parij-2024" Olimpiadasida suv sport turlari bo‘yicha mamlakatimizning 4 nafar sportchisi ishtirok etgandi.
Umid qilamizki, suv sport turlarida yo‘nalishlarning kengayishi tegrasida yurtimiz sportchilarining ham imkoniyatlari ortadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA