Olimpiada g‘oliblari va jahon chempionlari Toshkent gilamida bellashadi
Bugun, 27-mart kuni poytaxtimizdagi "Humo arena" majmuasida sport kurashlari bo‘yicha dunyoning eng kuchli va mahoratli sportchilari ishtirokida “PWL 11” musobaqasi o‘tkaziladi.
Kecha mazkur turnir oldidan vazn o‘lchash marosimi va matbuot anjumani tashkil etildi.

Matbuot anjumanida ishtirok etgan tashkilotchilar, O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi mutasaddilari, sportchilar, murabbiy va hakamlar turnirning tashkiliy jihatlari, bellashuvlarning texnik tamoyillari, hakamlik hamda sovrinli o‘rinlarga da’vogarlik qilayotgan sportchilar to‘g‘risida ma’lumot berdi.

Anjumanda ta’kidlanganidek, musobaqada 24 bellashuv o‘tkaziladi. Turnirning markaziy bahsi yunon-rum kurashi bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi, jahon va qit’a chempioni Aytjan Xalmaxanov hamda "Tokio-2020" Olimpiadasi g‘olibi, "Parij-2024" sovrindori, jahon chempioni, kubalik Luis Orta Sanches o‘rtasida bo‘lib o‘tadi.

Shuningdek, nufuzli turnir doirasida Razambek Jamalov, Zaurbek Sidakov, Zaur Uguyev, Akjol Mahmudov, G‘ulomjon Abdullayev, Rizabek Aytmuxan kabi sport kurashlari vakillari ishtirokidagi bellashuvlar muxlislarga yorqin taassurotlarni taqdim etishi kutilmoqda.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA