Olimpiada chempionidan mahorat darslari
Og‘ir atletika bo‘yicha Rio-2016 Olimpiada chempioni, “O‘zbekiston iftixori” unvoni sohibi Ruslan Nuruddinov Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, murabbiy va sportchilar bilan uchrashdi.
O‘zining sportdagi tajribalari bilan bo‘lishish maqsadida Nukus shahri, Taxiatosh va Shumanay tumani sportchilari bilan uchrashib, mahorat darslarini o‘tkazdi. Ushbu tadbirlarda xalqaro toifadagi sport ustasi, 5 karra O‘zbekiston chempioni, Osiyo chempioni, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘istonda xizmat ko‘rsatgan sportchi Rustam Jangabayev ham ishtirok etdi.

Tadbirning asosiy maqsadi yoshlarning sportga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va mamlakatimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qiladigan bo‘lajak chempionlarni tarbiyalashdan iborat edi.
Uchrashuvlarda yurtimizning taniqli sportchilari sportdagi dastlabki qadamlari, hayotiy tajribalari, mashaqqatli mehnati orqali erishgan yutuqlari haqida so‘zlab berishdi. — Bunday imkoniyatlar yaratilgan joydan bir nechta Olimpiya chempioni chiqishi shart, — dedi Olimpiya chempioni, Taxiatosh tumanida yangi barpo etilgan og‘ir atletika zalida bo‘lib o‘tgan mahorat darsi paytida. Bu yerda yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlarga u juda yuqori baho berdi.

Sportchi yoshlar chempionga o‘zlarini qiziqtirgan savollarini berib, tegishli javob olishdi. Shuningdek, og‘ir atletika sport turining o‘ziga xos bo‘lgan mashg‘ulot usullarini chempionning ko‘rsatib berishiga guvoh bo‘lib, o‘zlariga namuna olishdi. Bunday mahorat darslari esa Orolbo‘yidan kelgusida dunyoga mashhur chempionlarning yetishib chiqishiga asos bo‘lishi shubhasiz.
Ma’lumot o‘rnida shuni aytish mumkinki, Ruslan Nuruddinov — o‘zbekistonlik mashhur og‘ir atletikachisi, 2016 yil Rio-de-Janeyro Olimpiadasining oltin medali sohibi va rekordchisi. 3 karra jahon chempioni, 5 karra Osiyo chempioni, 10 karra O‘zbekiston chempioni va “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi" unvoni sohibidir.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri