Olimpia g‘oliblari Qo‘qonga yo‘l oladi
Kuni kecha Guliston shahrida matematika fanidan “Qo‘qon olimpiadasi”ning hududiy, ya’ni Sirdaryo viloyati bosqichga start berildi.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasidagi vazifalar ijrosi doirasida yoshlarni mamlakatimizdagi eng nufuzli oliygohlariga kirishiga bo‘lgan intilishlarini inobatga olib, bilimli va iqtidorli yoshlarni kashf etish maqsadida – amalga oshirilmoqda.
Ushbu bosqich viloyat xalq ta’limi boshqarmasi hamda Davlat test markazi bilan hamkorlikda Guliston davlat universitetida tashkil etildi.
Matematika fanidan tashkil etilgan hududiy bosqich jarayonini olimpiada ishtirokchilarining ota-onalari video kuzatuv moslamasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib bordi.
DTM natijalariga muvofiq har bir hududdan 3 ta guruh bo‘yicha 5 nafardan jami 15 nafar g‘olib o‘quvchi-nomzod respublika final bosqichiga tavsiya etiladi. Yakunlovchi bosqichda esa DTM javoblari asosida har bir hududdan eng yuqori ball to‘plagan 5 nafar o‘quvchi-nomzodlar tanlab olinadi.
Joriy yilning 13-14 mart kunlari Qo‘qon davlat universitetida o‘tishi rejalashtirilgan ushbu matematika olimpiadasining respublika bosqichi “Qorako‘l ziyo” nodavlat ta’lim muassasasi mutaxassislari, ya’ni turli yillarda matematikadan xalqaro va respublika olimpiadalari sovrindorlari tomonidan tuzilgan ikki pog‘onali test usulidagi tanlov asosida tashkil etiladi.
A.QAYUMOV,
O‘zA muxbiri
F.TOSHMATOV,
suratlar muallif
Tahririyatlar diqqatiga, O‘zA foto-arxivida materialga oid suratlar bor.