Sotsiologiya fanlari doktori, professor Toshpo‘lat Matibayevning “O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi. Fuqarolik jamiyati: Korrupsiya - ijtimoiy xavf” nomli kitobi Dubayda ingliz tilida chop etildi.
Ma’lumki, korrupsiya – taraqqiyot kushandasi. Shu sababdan ham butun dunyoda unga qarshi jiddiy kurash olib boriladi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashishning yaxlit tizimi yaratilgan va bu tizim o‘tgan yillar davomida takomillashtirilib borilmoqda.
Ushbu yo‘nalishda 2017 yil O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni qabul qilindi. Prezidentimizning korrupsiyaga qarshi murosasiz kurashish, jamiyatda halollik va haqqoniylik, adolat tamoyillarining ustuvorligini ta’minlash borasidagi ilg‘or tashabbuslari xalqaro jamoatchilik va mamlakatimizda yurtdoshlarimiz tomonidan faol qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Ayni paytda bu yo‘nalishda tegishli farmon va qarorlar, davlat dasturlari qabul qilinib, hayotga izchil joriy etilayotgani kutilgan ijobiy natijalarni bermoqda.
Sotsiologiya fanlari doktori, professor Toshpo‘lat Matibayevning “O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi. Fuqarolik jamiyati: Korrupsiya - ijtimoiy xavf” nomli kitobida ana shu muhim omillar haqida keng va atroflicha so‘z boradi.
Muallif jamiyatimizdagi yangilanish jarayonlari, faol o‘zgarishlar kechayotgan yangi muhitda bosqichma-bosqich amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar va davr talablari asosida ro‘y berayotgan murakkab ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni imkon qadar chuqur, asosli va tushunarli tilda yoritishga intilgan.
Eng asosiysi, yangi asarda Taraqqiyot strategiyasida belgilangan korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish choralarining samaradorligini oshirishga doir muhim vazifalarning mohiyati va ahamiyatiga atroflicha e’tibor qaratilgan.
Shu bilan birga, aholining huquqiy madaniyati va huquqiy ongini yuksaltirish, bu boradagi tadbirlarning natijadorligini ta’minlashda davlat va nodavlat tashkilotlari, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro ijtimoiy hamkorlik borasidagi tegishli farmon va sharhlar keng tahlil va talqin etilgan.
Xulosa tarzida aytganda, taniqli olim va publitsist Toshpo‘lat Matibayevning ushbu kitobida O‘zbekistonning o‘z oldiga qo‘ygan bosh maqsadi – inson manfaati, uning sha’ni va qadr-qimmati har narsadan ulug‘, degan ezgu g‘oya mujassam ekanini ilmiy-nazariy asosda, ishonarli tarzda ochib berilgan. Mazkur asarda korrupsiyaning ijtimoiy xavf sifatidagi ko‘rinishi, jamiyatda korrupsiya illatining kelib chiqish sabablari, ildizlari, unga qarshi kurashda keng jamoatchilikning roli xaqida keng va atroflicha fikr yuritilgan.
N.Usmonova,
O‘zA