O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Yadro fizikasi instituti ilmiy-tadqiqot faoliyati natijasida ishlab chiqilgan mazkur zamonaviy suv tayyorlash va suvni tozalash bo‘yicha innovatsion qurilmalar mamlakatimizda ekologik xavfsizlikni ta’minlash va ichimlik suvi sifatini oshirishda samarali xizmat qiladi.
Institut mutaxassislari suv bilan bog‘liq masalalarning to‘liq yechimini taklif etib, ob’ektni o‘rganishdan tortib, mos uskunalarni tanlash, montaj qilish va sozlash, kafolatli servis xizmati va ehtiyot qismlar yetkazib berishgacha bo‘lgan keng qamrovli xizmatlarni taqdim etishmoqda. Ishlanmalar noyob va o‘ziga xos bo‘lib, suv tozalash sohasidagi eng so‘nggi ilmiy va texnologik yutuqlar asosida yaratilgan.
Institut olimlarining ilmiy izlanishlari natijalari O‘zbekiston Respublikasining 7 ta patenti bilan himoyalangan, shuningdek, Journal Water of Supply, Desalination, Water Research kabi nufuzli xalqaro ilmiy jurnallarida chop etilgan 40 dan ortiq maqolalarda o‘z aksini topgan. Yaratilgan qurilmalar “O‘zstandart” agentligi tomonidan tasdiqlangan.
Birgina, nanokompozitli kationit asosidagi kimyoviy suv tayyorlash tizimi borasida to‘xtalsak, mazkur tizim maxsus ishlab chiqilgan nanokompozitli kationit asosida suvdagi kalsiy, magniy va og‘ir metall ionlarini samarali tarzda tozalash orqali suvni yumshatishga mo‘ljallangan.
Qurilmadan uy-joy va xo‘jalik ehtiyojlari, shuningdek sanoat korxonalarida? qozonxonalar, bug‘ generatorlari va boshqalarda keng foydalanish mumkin. Kumush nanozarrachalari bilan modifikatsiyalangan kationitdan foydalaniladi, bu esa biotsid xususiyatlarni ta’minlab, tizimning xizmat muddatini oshiradi.
Xususan, Ionator deb nomlanuvchi mazkur qurilma ichimlik suvini xlorsiz zararsizlantirish tizimi hisoblanadi. Ushbu tizim ultrabinafsha nurlanishi va ionizatsiyalash texnologiyalari asosida suvdagi bakteriyalar, viruslar, xlor qoldiqlari va boshqa zararli mikroorganizmlarni samarali yo‘q qiladi.
Taklif qilingan uskunalar asosan artezian, yer usti va vodoprovod suvlarini tozalashga mo‘ljallangan.
Bundan tashqari, bu uskunalardan kichik aholi punktlari, sanoat korxonalari va uy-joy massivlarida foydalanish mumkin.
Suv zararsizlantirishning ikki bosqichli texnologiyasi tufayli dezinfeksiya samaradorligi yuqori va ta’siri uzoq muddat saqlanadi.
Elektr ta’minoti bo‘lmagan, chekka xududlarda foydalanish uchun quyosh batareyalarida ishlovchi suv tozalash, tuzsizlantirish va zararsizlantirish tizimlari mavjud bo‘lgan uskunalar majmuasi ishlab chiqilgan.
Yadro fizikasi instituti tomonidan yaratilgan bu qurilmalar ekologik xavfsizlikni ta’minlash, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash va sifatini oshirish, sanoat korxonalarida suv resurslaridan samarali foydalanish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir. Ishlanmalar xorijiy analoglardan farqli ravishda O‘zbekiston sharoitiga moslashtirilgan va mavjud suvning sifatini o‘rgangshan holda faqat zarur usullarni qo‘llash hisobiga uskuna narxi arzonligini xamda servis xizmatlarini taklif qilish hisobiga ularning uzoq yillar xizmat qilishini ta’minlaydi.
Yadro fizikasi instituti olimlari tomonidan ishlab chiqilgan mazkur texnologiyalar mamlakatimizda suv ta’minoti va ekologik muammolarni hal qilishga samarali xizmat qiladi.
M.Eshmirzayeva, D.Yakubov, O‘zA