O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy tashkilotlar xodimlari ishtirokida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy qonun loyihasi yuzasidan jamoatchilik muhokamasi o‘tkazildi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasini tayyorlash doirasida milliy qonunchilik, qadriyatlar va huquqni qo‘llash amaliyoti, o‘zbek davlatchiligining tarixiy tajribasi, insonning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash sohasidagi asosiy xalqaro standartlar hamda ilg‘or xorijiy tajriba inobatga olingani haqida ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Konstitutsiyaviy komissiya raisi Akmal Saidov jamoatchilik muhokamasi ishtirokchilariga mamlakatimizda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar va umumxalq muhokamasi haqida batafsil to‘xtaldi.
Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi e’lon qilingani, loyihada asosiy qonunning 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartishlar kiritish hamda 16 ta normani o‘z ichiga olgan 6 ta yangi modda (prim-moddalar) qo‘shish taklif etilgani haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Shu o‘rinda, tadbirda Konstitutsiyada har kim davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida bepul oliy ma’lumot olishga haqli ekanligi, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot tashkilotlari qonunda belgilangan doirada o‘zini-o‘zi boshqarish, akademik erkinlik, shuningdek tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga ega ekanligi, davlat ilm-fanni rivojlantirishga, jahon ilmiy hamjamiyati bilan ilmiy aloqalar o‘rnatishga ko‘maklashishi hamda ilmiy va texnikaviy ijod erkinligidan tashqari, badiiy ijod erkinligi berilishi hamda madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanishi kabi masalalarga ham alohida e’tibor qaratildi.
Jamoatchilik muhokamasi yakunida konstitutsiyaviy tuzatishlar, birinchi navbatda, jamiyatning turli ijtimoiy qatlamlariga mansub bo‘lgan fuqarolarning muayyan shaxsiy, ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy, madaniy va ekologik huquqlari hamda manfaatlarini kafolatli tarzda ta’minlashga, himoya qilishga qaratilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan normalarga aylanishi ta’kidlandi.
D.Mamatova, O‘zA