Olimlar forumi o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi akademiyasida Olimlar forumi bo‘lib o‘tdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 3-apreldagi “Favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan mazkur forum ilm-fan, ta’lim va amaliyot integratsiyasini mustahkamlash, innovatsion ishlanmalarni qo‘llab-quvvatlash hamda istiqbolli loyihalarni amaliyotga joriy etishga qaratildi.

Forum doirasida ishtirokchilar tomonidan yaratilgan ixtirolar, zamonaviy qurilmalar, robototexnika ishlanmalari va dasturiy mahsulotlar ko‘rgazmasi hamda taqdimotlar o‘tkazildi.

Tadbirda akademiya boshlig‘i Muzaffarjon Mamasiddiqov so‘zga chiqib, sohada kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish, ilmiy salohiyatni oshirish va innovatsion yechimlarni amaliyotga joriy etish ustuvor vazifa ekanini ta’kidladi.

Ushbu forum maktab o‘quvchi-yoshlarida ham katta qiziqish uyg‘otib, yoshlarning ilm-fan va innovatsiyaga bo‘lgan intilishini rag‘batlantirdi. Forum yakunida eng faol ishtirokchilar turli nominatsiyalar bo‘yicha taqdirlandi.

Mazkur forum ilmiy salohiyatni rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda favqulodda vaziyatlar sohasiga zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA