Oleg MALGINOV: “O‘zbekiston – mintaqadagi eng ishonchli sherik”
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezidentlik lavozimiga qayta saylanganidan so‘ng Rossiyaga bo‘lajak ilk tashrifi arafasida O‘zA muxbiri Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Oleg MALGINOV bilan ikki tomonlama hamkorlikning o‘ziga xos xususiyatlari, ustuvor va kelgusi yo‘nalishlari haqida suhbatlashdi.
– Oleg Sergeyevich, ruxsatingiz bilan suhbatimizni O‘zbekiston – Rossiya munosabatlarining joriy holati, so‘nggi 5 yil mobaynidagi rivojlanish darajasi haqidagi fikrlardan boshlasak.
– Albatta, bu juda keng qamrovli mavzu. Aytish kerak, mening ko‘p yillik diplomatik faoliyatim davomida ikki davlat o‘rtasidagi bunday sermazmun o‘zaro munosabatni kamdan-kam uchratganman. Rossiya va O‘zbekiston, deyarli barcha sohalarda o‘zaro hamkorlik o‘rnatgan. Ayni payt ko‘plab kelishuvlar amalga oshirilmoqda va hamkorlik yuqori sur’atdagi faollashuv bosqichida. O‘zaro munosabatlarning jadal yuksalishi, boyib borishi so‘nggi besh yilda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat rahbarligiga saylangandan so‘ng yuzaga keldi. Shavkat Mirziyoyev uchun Rossiya bilan munosabatlarni rivojlantirish tashqi siyosatdagi ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Mamlakat yetakchisi yaqinda bo‘lib o‘tgan inauguratsiya marosimidagi nutqida ham buni alohida ta’kidladi.
Rossiya Federatsiyasi uchun O‘zbekiston – Markaziy Osiyodagi istiqbolli va muhim sherik hisoblanadi. O‘zbekiston aholisi soni eng ko‘p davlat sifatida mintaqada hal qiluvchi rol o‘ynaydi, deb bilamiz. Mamlakat demografik o‘sish bo‘yicha ulkan salohiyatga ega. Bu yerda yoshlar ko‘pchilikni tashkil etadi, ular faol va muntazam olg‘a intilmoqda. O‘zbekiston xavfsizlik, ekologiya va boshqa ko‘plab muhim masalalarni qo‘llab-quvvatlashda ham muhim rol o‘ynaydi. Bizning O‘zbekiston bilan munosabatimiz hamisha o‘zaro hurmat ruhini yoqlagan. Biz millatlararo va dinlararo adovatdan yiroqmiz. Aloqalar faollashuvi boy tarix va ulkan madaniy yaqinlikka asoslangan. To‘g‘ri, biz har birimiz o‘zimizcha mustaqil, turlicha, chuqur o‘tmishda shakllangan xalqlarmiz, biroq biz bir-birimizga yaqinmiz. Shu bois, hozir o‘zaro munosabatlarimiz yanada rivojlanmoqda. Albatta, buning omillaridan biri – Prezidentlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro ishonch asosiga qurilgan munosabatdir. Ta’lim, savdo, sanoat ishlab chiqarishi sohasidagi o‘zaro hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Davlatlarimiz o‘rtasida madaniy aloqalar yo‘lga qo‘yilgan.
– Ma’lumki, Rossiya va O‘zbekiston – ishonchli, vaqt sinovidan o‘tgan do‘st, ittifoqchi va strategik sheriklar, buni siz ham hozirgina ta’kidladingiz. bugungi kunda mamlakatlarimiz ko‘plab yo‘nalishlarda yaqin hamkorlik qilib kelmoqda. Sizningcha, tomonlar ko‘proq qaysi soha va tarmoqlarni ustuvor yoki muhimroq, deb qaramoqda va nima uchun?
– Biz xalqaro vaziyatni rivojlantirish bo‘yicha bir xil strategik qarashga egamiz. Shu nuqtai nazardan, siyosiy yo‘nalishdagi sheriklik ustuvor ahamiyat kasb etadi.
Ikki tomonlama maslahatlashuvlar o‘tkazyapmiz, jumladan, MDH va SHHT doirasida ham. O‘zbekiston SHHT raisligini qabul qildi, endi biz bu yo‘nalishda ham yanada yaqin va samarali hamkorlik qilamiz. Tashkilot yanada rivoj topib, nafaqat o‘z doirasida, balki tashqaridagi vaziyatga ham barqaror ta’sir ko‘rsatishiga umid qilamiz.
Mamlakatlarimiz BMT doirasida ham yaxshi hamkorlik qilib kelmoqda. Ko‘plab maslahatlashuvlar, ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilmoqda. Dunyoning deyarli barcha davlatlari BMTga a’zoligi hamda universal standart va tamoyillar tuzilma asosini tashkil etgani bois, ushbu tashkilot yetakchi rol o‘ynashda davom etishi kerak, deb hisoblaymiz.
Biz YeXHT doirasida ham o‘zaro hamkormiz, O‘zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida kuzatuvchi maqomini olgach, munosabatimiz yanada faollashdi. O‘zbekiston ushbu ittifoqni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan muhim takliflarni ilgari surgan holda, mazkur tashkilotning kelgusi rivoji uchun amaliy sa’y-harakatlar bilan tashabbuskorlik ko‘rsatayotganini qayd etamiz.
Biz, shuningdek, xavfsizlik sohasida ham hamkorlik qilib kelyapmiz. Afg‘onistondagi voqealardan so‘ng Markaziy Osiyo mintaqasi xavfsizligiga xavf va tahdidlar kuchaydi. Bu bevosita bizga ham taalluqli, chunki beqarorlik, ekstremizm yoki terroristik qarashlar kengroq tarqalib ketishi mumkin. Shuning uchun ayni masalada biz bilan hamkorlik qilib, ushbu tahdidlarni to‘xtatish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solayotgani uchun O‘zbekiston rahbariyatidan minnatdormiz. Bizning kelgusida Afg‘oniston muammosini hal etish masalasiga yondashuvimiz mutlaqo bir xil – bu masala qo‘shnilar hisobiga emas, mamlakat ichida hal qilinishi kerak.
O‘zbekiston rahbariyati Afg‘oniston bilan bog‘liq taqdim etayotgan iqtisodiy loyihalarni ham biz ma’qullaymiz. Zero, bu insonlarning yashashi, o‘z oilasini boqishi uchun ish va mablag‘ topishiga ko‘maklashadi. Umuman olganda, mamlakat tashqi siyosati barcha davlatlar bilan munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan. Bu O‘zbekiston mustaqil tashqi siyosat yuritayotganidan dalolat.
Albatta, har qanday mamlakat bilan munosabat zamirida iqtisodiy hamkorlik yotadi. Biz savdo-sotiq bo‘yicha yaqin sheriklarmiz. Bu yo‘nalish pandemiya davri qiyinchiliklariga qaramay, faol rivojlandi. Shuningdek, investitsiyaviy hamkorlik ham jadal tus olgan: hozir yuzdan ziyod istiqbolli loyiha amalga oshirilyapti. Bu loyihalar ro‘yxati muntazam kengayib bormoqda. Ma’lum bir loyihani amalga oshirish yo‘li, ishni tezlashtirish yoki rejaga qo‘shimcha kiritish chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, soliq, bojxona tizimi kabi alohida tarmoqlar bo‘yicha ham hamkorligimiz bor. Hozirgi kunda temir yo‘l transporti, shuningdek, “O‘zbekiston – Rossiya” agroekspressini ishga tushirish va boshqa rejalar bo‘yicha qishloq xo‘jaligi tuzilmalari o‘rtasida muloqot olib borilmoqda.
Albatta, bizning madaniyat sohasidagi hamkorligimiz ham yuksak darajada. Yaqinda O‘zbekistonda Rossiya Federatsiyasi madaniyati kunlari bo‘lib o‘tdi. O‘ylaymanki, keyingi yil yanada keng miqyosli loyihalarni amalga oshiramiz. Bundan tashqari, oliy, o‘rta va maktabgacha ta’lim sohalarida ham hamkorlik kengaymoqda. O‘zbekistonda Rossiyaning 15 ta oliy o‘quv yurti filiali ochilgan, yana uchta filial ochilishi rejalashtirilmoqda.
O‘rta va maktabgacha ta’lim sohalarida hamkorlik asosida rus tilini o‘qitish sifatini oshirishga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Bu masalaga bu qadar yuksak e’tibor ko‘rsatayotgani uchun mamlakat rahbariyatidan minnatdorman. Zero, rus tili yoshlar Rossiya oliy ta’lim dargohlarida tahsil olishi uchun imkoniyat taqdim etadi.
Albatta, ikki tomonlama o‘zaro hamkorlikning barcha yo‘nalishlarini bitta suhbatda sanab o‘tish qiyin. Masalan, bizning arxiv xizmati, Jahon savdo tashkiloti, Qurolli kuchlar va sport yo‘nalishi bo‘yicha aloqalarimiz yaxshi rivojlangan. Sportchilarimiz, sport federatsiyalari rahbarlari, jumladan, Rossiya Olimpiya qo‘mitasi raisi tez-tez O‘zbekistonga kelib turadi, O‘zbekiston delegatsiyasi ham Rossiya Federatsiyasiga tez-tez boradi.
– Elchi janoblari, butun dunyo davlatlari singari mamlakatlarimiz ham koronavirus pandemiyasining ko‘plab sohalardagi munosabatlar rivojiga salbiy ta’sirini boshdan kechirdi. Bunday murakkab vaziyatdan qanday chiqish mumkin, bu borada qanday aniq ishlar amalga oshirildi?
– Pandemiya, bir tomondan, kutilmagan hodisa bo‘lib, bu biz o‘zaro hamkorlik qilishimiz va turli favqulodda vaziyatlarga tayyor turishimiz kerak bo‘lgan sohalar borligini ko‘rsatdi. Pandemiya tufayli ko‘plab delegatsiyalar tashrifi, bevosita uchrashuvlar, hatto davlat rahbarlari darajasidagi uchrashuvlar cheklandi. Boshqa tomondan esa, biz pandemiyani boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirishda, masalan, dori ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘llaymiz. Hozir O‘zbekistonda "Sputnik V" vaksinasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu yerda bir qancha tibbiyot xodimlari, shifokorlar brigadalari ishlab, pandemiya oqibatlarini yumshatishda o‘z hamkasblariga yordam ko‘rsatdi. Umuman olganda, pandemiya davrida sog‘liqni saqlash sohasida ma’lum imkoniyatlarni yanada diversifikatsiyalash, ayniqsa, malakali kadrlar tayyorlash bazasini mustahkamlash zarurligini his etdik. Ayni payt Toshkentda Pirogov nomidagi Tibbiyot akademiyasi filialini ochish masalasi ko‘rilyapti. O‘ylaymanki, Rossiya shifokorlari o‘z tajribasini bevosita o‘zbekistonlik talabalarga beradi.
– Tabiiyki, davlat rahbarlarining tashriflari yoki uchrashuvlari hamisha hamkorlikni rivojlantirish va o‘zaro manfaatli munosabatlarni yanada kengaytirishga qaratiladi. O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlarining navbatdagi muzokaralaridan qanday natijalar kutilyapti?
– Pandemiya tufayli yuzaga kelgan qiyinchiliklarga qaramay, Prezidentlar o‘rtasidagi muloqot har doimgidek ishonchli va ochiq bo‘ladi. Bu muloqot barcha muammolarni, jumladan, jahondagi hozirgi vaziyatni ham qamrab oladi. Bu borada ziddiyat kuchaymoqda, xususan, Rossiya Federatsiyasi o‘zining g‘arbiy chegarasidagi ziddiyatlarga e’tibor qaratmoqda. Iqtisodiy hamkorlikning o‘sishi muhokama qilinadi, albatta. Ushbu tashrif doirasida vazirlar, turli agentliklar, siyosiy muassasalar vakillari tomonidan imzolanadigan qator hujjatlar tayyorlanmoqda. Bu hujjatlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi. Prezidentlar darajasida ham Rossiya, ham O‘zbekiston davlat xizmatchilari uchun hamkorlikning yangi yo‘nalishlarini ishlab chiqish va belgilash bo‘yicha kompleks ko‘rsatma ishlab chiqilishi kutilmoqda. G‘oyalar juda ko‘p. Bu borada rahbariyatning ham, fuqarolarning ham istagi bir. Asosiysi, loyihalar natijalarda aks etishi lozim.
– Oleg Sergeyevich, bunday mas’uliyatli lavozimga tayinlanishdan oldin sizni O‘zbekiston bilan qanday aloqalar bog‘lab turgan va shu qisqa davr ichida yurtimiz haqidagi fikringiz qay darajada o‘zgardi? Umuman, diplomat sifatida o‘z faoliyatingizga va oddiy inson sifatida O‘zbekistonga, uning xalqiga munosabatingiz qanday?
– Men 42 yildan buyon shu sohada mehnat qilaman. Bu mening elchi sifatidagi so‘nggi xizmat safarim bo‘lishi mumkin. Men so‘nggi xizmat safari uchun joyni o‘zim tanladim, aniqrog‘i, Toshkentga kelishni judayam xohladim. Ma’lumotim sharqshunos bo‘lgani bois, Janubiy Osiyo va qisman Markaziy Osiyo tarixi bilan shug‘ullanganman. Hindistonda yashadim, Bangladeshda ishladim. Hind tili, tarixi, madaniyatini o‘rganish jarayonida O‘zbekiston bilan ham duch kelganman. Hindistonda buyuk saltanat barpo etgan Bobur Andijonda tug‘ilib o‘sgan. O‘zbekistonda asrlar mobaynida shakllangan sivilizatsiya manbalari ham menga tanish. Men Sharqni – donishmandlik, ulkan va boy madaniy meros makoni, kelajakni keng qamrovli ko‘ra oluvchi insonlar yashaydigan yurt, deb hisoblayman. Bundan tashqari, o‘zbek zamini dunyoga buyuk olimlar, matematiklar, mutafakkir va shoirlarni tarbiyalangan. Ular asrlar osha kishilarga insonparvarlik sabog‘ini berib kelmoqda. Bu yerdagi me’moriy yodgorliklarini aytmaysizmi?! Samarqand, Buxoro, Xiva!.. O‘tgan asrning 60-70-yillarida maktabda o‘qib yurgan kezlarimda bu joylar hamma tengqurlarimga tanish edi. Registon, Ark va O‘zbekistonning boshqa ko‘plab diqqatga sazovor joylari tasvirlangan markalarni yiqqanim ham esimda. Afsuski, hozir O‘zbekistonning turistik salohiyati, mislsiz madaniy go‘zalligi haqida Rossiya yoshlari ko‘p ma’lumotga ega emas. Menimcha, o‘zbek yoshlari ham bugungi Rossiya haqida kam biladi.
Xalqaro munosabatlar institutida o‘qib yurgan kezlarimda, guruhimizda ko‘plab o‘zbek talabalari tahsil olardi. Ular bayram yoki ta’til payti Toshkentga kelib, qaytishda qovun yoki boshqa o‘zbek zamini ne’matlari olib kelishini biz har safar kutardik. Bu barchamizga quvonch ulashardi. Qisqasi, juda yoqimli xotiralar...
Bu yerda mehnat qilish menga juda qulay. Biz, fikrimcha, O‘zbekiston va Rossiya xalqiga foydasi tegadigan ish bilan shug‘ullanyapmiz.
– Oleg Sergeyevich, sermazmun suhbatingiz uchun katta rahmat. Siz bilan bo‘lajak keyingi uchrashuvni sabrsizlik bilan kutib qolamiz.
O‘zA muxbiri
G‘ayrat XONNAZAROV
suhbatlashdi